O‘zbekistonda nikohlar kamaydi, ajrimlar va aholi ko‘chishi ko‘paydi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonda 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida tug‘ilish va nikohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaydi.
- Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida 638,6 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan va 172 mingta nikoh qayd etilgan.
- Shu bilan birga, ajrimlar soni 1,4 mingtaga oshib, 36,8 mingtani tashkil qildi.
- Migratsiya jarayonlarida esa mamlakatdan ko‘chib ketganlar soni ko‘chib kelganlarga nisbatan ko‘proq bo‘ldi.
O‘zbekistonda 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida tug‘ilish va nikohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pasaydi. Shu bilan birga, ajrimlar ko‘rsatkichi oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi demografik holat bo‘yicha e’lon qilgan ma’lumotlarda xabar berildi.
Tug‘ilishlar soni 26 mingtaga kamaydi
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil yanvar-sentyabr oylarida mamlakatda 638,6 ming nafar tirik chaqaloq dunyoga kelgan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan qariyb 26 mingtaga kam.
Nikohlar kamayib, ajrimlar ko‘paydi
Hisobot davrida respublika bo‘yicha 172 mingta nikoh rasman qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 mingtaga kamdir.
Shuningdek, to‘qqiz oy davomida 36,8 mingta ajrim rasmiylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 1,4 mingtaga oshgan.
Qayd etilgan nikohlarning 88 mingtasi shaharlarda (51,2 foiz), 84 mingtasi esa qishloq joylarida (48,8 foiz) tuzilgan.
Ajrimlar taqsimotida esa shahar hududlari ustunlik qilmoqda. Jumladan, ajrimlarning 21,9 mingtasi (59,5 foiz) shaharlarda, 14,9 mingtasi (40,5 foiz) qishloq joylarida qayd etilgan.
Ko‘chib ketganlar soni ko‘chib kelganlardan ko‘p
Mamlakatdagi migratsiya jarayonlarida ham muayyan farq kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston bo‘ylab va xorijdan jami 262 ming 860 kishi ko‘chib kelgan.
Ularning 260 ming 746 nafari respublikaning boshqa hududlaridan, 2 114 nafari esa xorijiy davlatlardan kelgan.
Hisobot davrida mamlakatdan ko‘chib ketganlar soni 267 ming 144 nafarni tashkil etgan. Shundan 260 ming 746 nafari respublikaning boshqa hududlariga, 6 398 nafari esa chet elga ko‘chib ketgan.
Shu tariqa, statistika ma’lumotlari joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida tug‘ilish va nikohlar kamaygani, ajrimlar esa ko‘payganini ko‘rsatmoqda.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…