7,8 ballli zilzila: Filippinda favqulodda vaziyat

Filippin sohillari yaqinida sodir bo‘lgan kuchli zilzila og‘ir oqibatlarga sabab bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida halok bo‘lganlar soni 32 nafarga yetgan, yana 134 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Mahalliy hokimiyat idoralari ma’lumotlariga tayangan holda xabar qilinishicha, tabiiy ofatdan eng katta zarar General-Santos shahriga yetgan. Qariyb 700 ming aholi istiqomat qiladigan mazkur hududda ko‘plab binolar va savdo shoxobchalari shikastlangan.
Guvohlarning aytishicha, ayrim inshootlarning peshlavhalari qulagan, oynalari singan. Ba’zi binolar esa jiddiy zarar ko‘rib, qisman yoki to‘liq vayron bo‘lgan. Ayni paytda mutasaddi tashkilotlar kommunal tarmoqlar va infratuzilma obyektlariga yetkazilgan zarar hajmini aniqlash ishlarini olib bormoqda.
Mutaxassislar qayd etishicha, zilzila magnitudasi 7,8 ballni tashkil etgan. Yer osti silkinishlaridan so‘ng mamlakatning sohil hududlarida sunami xavfi e’lon qilindi. Xabarlarga ko‘ra, ayrim orollarda to‘lqinlar balandligi bir metrdan oshishi mumkin.
Shu munosabat bilan aholiga xavfsiz hududlarga, xususan tepaliklarga evakuatsiya qilish bo‘yicha murojaat qilingan.
Filippin Prezidenti Ferdinand Markos-kichik esa Mindanao orolidagi jabrlangan hududlarda o‘quv jarayonlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha tegishli topshiriq bergan.
Mamlakatda qutqaruv va tiklash ishlari davom etmoqda.





























Izohlar 0
…