O‘zbekistonda qaysi hudud aholisi eng yosh ekani ochiqlandi

O‘zbekistonda qaysi hudud aholisi eng yosh ekani ochiqlandi

O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi bo‘yicha yangi statistik ma’lumotlar ma’lum qilindi. Milliy statistika qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatida mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi 29,5 yoshni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha yosh ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda aholining o‘rtacha yoshi 32,7 yoshga teng. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati (31,1 yosh) va Toshkent viloyati (31 yosh) joylashgan.

Shuningdek, Navoiy viloyatida ushbu ko‘rsatkich 30,1 yoshni, Farg‘ona viloyatida 30 yoshni tashkil etgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining o‘rtacha yoshi 29,8 yosh bo‘lsa, Andijon va Xorazm viloyatlarida 29,5 yoshdan qayd etilgan.

Namangan viloyatida o‘rtacha yosh 29 yoshni tashkil etgan. Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 28,7 yosh, Samarqand viloyatida 28,5 yosh va Jizzax viloyatida 28,4 yoshga teng bo‘lgan.

Eng yosh aholiga ega hududlar sifatida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari qayd etilgan. Mazkur hududlarda aholining o‘rtacha yoshi mos ravishda 27,7 va 27,4 yoshni tashkil qilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi 29,5 yoshlik o‘rtacha ko‘rsatkich jahondagi o‘rtacha 30,9 yoshdan ancha past hisoblanadi. Shu bois mamlakat dunyoda aholisi nisbatan yosh davlatlar qatorida tilga olinadi.

“Global Relocate” loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, aholisi eng yosh mamlakatlarda tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lib, umr ko‘rish davomiyligi nisbatan past bo‘ladi. Reytingda birinchi o‘rinni Markaziy Afrika Respublikasi egallagan bo‘lib, u yerda aholining o‘rtacha yoshi 14,3 yoshni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Niger (15,3 yosh) va Somali (15,4 yosh) qayd etilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar