Janubiy Koreya politsiyasi Bithumb birjasida tintuv oʻtkazdi
Janubiy Koreya politsiyasi mustaqil deputat Kim Byung-gi bilan bogʻliq ishga olishdagi tanish-bilishchilik gumonlari yuzasidan Bithumb kriptobirjasida tintuv oʻtkazdi. News1 xabariga koʻra, deputat oʻz oʻgʻlini Bithumb va Dunamu (Upbit operatori) kabi yirik kripto-kompaniyalarga ishga joylashtirish uchun oʻz xizmat mavqeidan foydalanganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, deputatning oʻgʻli 2025-yil yanvar oyida Bithumb jamoasiga qoʻshilgan va u yerda taxminan olti oy davomida faoliyat yuritgan. Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimni ishga qabul qilish jarayonida tashqi bosim yoki imtiyozli munosabat boʻlgan-boʻlmaganini sinchiklab oʻrganmoqda.
Janubiy Koreyada ishga joylashishdagi favoritizm va korrupsiya masalalari oʻta nozik siyosiy mavzu hisoblanadi. Siyosatchilar va yirik konglomeratlar ishtirokidagi bunday mojarolar jamoatchilikning keskin eʼtiroziga sabab boʻlib kelmoqda. Politsiya Kim Byung-gini oʻz siyosiy mavqeini suiisteʼmol qilganlikda gumonlab, bir necha bor soʻroq qilgan.
Shuningdek, deputat Milliy Assambleyaning Siyosiy masalalar qoʻmitasida faoliyat yuritgan vaqtida Dunamu kompaniyasiga nisbatan shubhali savollar yoʻllagani ham tekshirilmoqda. Bu harakatlar uning oʻgʻli ishlayotgan kompaniya manfaatlarini himoya qilishga urinish sifatida baholanishi mumkin.
Bithumb mamlakatdagi eng yirik birjalardan biri boʻlib, avvalroq ham uning bosh qarorgohida tintuvlar oʻtkazilgan edi. Kim Byung-gi esa tergov jarayonida barcha ayblovlarni rad etib, oʻzining aybsizligiga ishonchi komil ekanini taʼkidlamoqda.

























Izohlar 0
…