Turkiyada ota 3 yoshli qizini derazadan tashlamoqchi bo‘ldi

Turkiyaning Anqara shahrida sodir bo‘lgan holat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Joriy yilning 5 iyun kuni bir erkak o‘zining 3 yoshli qizini garovga olib, xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi. Bu haqda mahalliy OAV xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Etimesgut tumanidagi Piyoda mahallasi, 2022-ko‘chada joylashgan xonadonlardan birida ro‘y bergan. Turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib qolgan shaxs kichik yoshli qizini pichoq bilan garovga olgan.
Uy derazasidan erkakning bir qo‘lida pichoq, ikkinchi qo‘lida esa bolani ushlab turganini ko‘rgan atrofdagilar zudlik bilan 112 tezkor chaqiruv xizmatiga murojaat qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay hodisa joyiga politsiya xodimlari, o‘t o‘chirish xizmati va tez tibbiy yordam brigadalari yetib kelgan.
Huquq-tartibot idoralari va qutqaruv xizmatlari hududda xavfsizlik choralarini kuchaytirib, gumonlanuvchini qizini qo‘yib yuborishga ko‘ndirishga uringan. Biroq muzokaralar kutilgan natijani bermagan.
Shundan so‘ng maxsus operatsiya kuchlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, erkak zararsizlantirilgan. 3 yoshli qizaloq esa xavfsiz holda qutqarilib, shifokorlar nazoratiga topshirilgan. Gumonlanuvchi ham tibbiyot muassasasiga olib ketilgan.
Politsiya ma’lumotida aytilishicha, tezkor harakatlar natijasida bolaning hayoti saqlab qolingan. Shu bilan birga, operatsiya davomida xizmat vazifasini bajarayotgan maxsus xizmat iti ham jarohat olgan va hozirda uni davolash ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tergov harakatlari davom etmoqda.





























Izohlar 0
…