Oʻzbekiston va Turkiya taʼlim hamda stipendiya hamkorligini kengaytirishni muhokama qildi

21 yanvar kuni Anqarada Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi maslahatchisi Munira Aminova Turkiyaning Xorijdagi turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi (YTB) rahbari Abdulhadi Turus bilan uchrashdi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Muzokaralarda tomonlar taʼlim va madaniy almashinuv yoʻnalishidagi amaldagi hamkorlik holati, shuningdek, uni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni koʻrib chiqdi. Suhbatda YTB stipendiya dasturlari natijalariga alohida eʼtibor qaratildi: 2025 yilda ushbu dasturlarga Oʻzbekistonning 228 nafar fuqarosi qabul qilingan, hozirda esa 136 nafar talaba oʻqishni davom ettirmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, YTB dasturlari doirasida jami 3 200 nafardan ortiq bitiruvchi taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlagan. Bitiruvchilar bilan aloqani mustahkamlash maqsadida ular uchun alohida portal ham ishga tushirilgan.
Uchrashuvda “Madaniy turk” ensiklopediyasi, Zangturon tashabbusi, zargarlik yoʻnalishi hamda shoshilinch tibbiy yordam boʻyicha oʻquv dasturlari kabi amaldagi loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, yosh diplomatlar uchun ixtisoslashgan treninglar hamda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar takliflari ham koʻrib chiqildi.
Yakunda tomonlar taʼlim va malaka oshirish sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Ular yuqori malakali kadrlar tayyorlash va professional almashinuvlarni kengaytirishda qoʻshma saʼy-harakatlar muhimligini taʼkidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!