AQSH va Isroil Tehrondagi strategik obyektlarga zarba bermoqda

Foto: Anadolu via Getty / AQSH va Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan general Ali Muhammad Nainiy sharaf bilan dafn etildi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat tobora keskin tus olmoqda. AQSH va Isroil tomonidan Eron poytaxti Tehron hamda mamlakatning boshqa hududlarida joylashgan muhim strategik obyektlarga havo zarbalari berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Shanba kuni Isroil harbiylari o‘z aviatsiyasi Tehronda joylashgan Yadroviy ishlanmalar ilmiy-tadqiqot markaziga aniq zarba berganini rasman ma’lum qildi. Bu obyekt Eronning harbiy va texnologik salohiyati uchun muhim nuqtalardan biri sifatida baholanadi.
Isroil armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu markaz Malek Ashtar University of Technology qoshida joylashgan bo‘lib, u yerda Eron mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun yadro quroliga oid ayrim komponentlar ishlab chiqilgan. Shu sababli mazkur obyekt “strategik ahamiyatga ega” deb baholangan.
Qayd etish joizki, Eron mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi ushbu universitet mamlakatning yadro va raketa dasturlari bilan bog‘liqligi sababli avvaldanoq G‘arb davlatlari tomonidan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayni paytda Eron rasmiylari ham keskin bayonotlar bilan chiqmoqda. Jumladan, Eron parlamenti raisi Muhammad Boqir G‘olibof mamlakat urushning yangi va yanada xavfli bosqichiga kirib borayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu jarayon oldindan rejalashtirilgan strategiyalarni amalga oshirish bosqichi bo‘lishi mumkin. “Agar Isroil kuchli himoyaga ega deb hisoblangan Dimona hududida ham raketalarni to‘liq to‘xtata olmasa, bu harbiy nuqtayi nazardan mojaro yangi bosqichga o‘tganini anglatadi. Demak, Isroil osmoni avvalgidek xavfsiz emas”, — deya ta’kidladi u X platformasidagi bayonotida.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi o‘zaro zarbalar va keskin bayonotlar mintaqadagi vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkin. Har ikki tomonning harbiy faolligi ortishi esa keng ko‘lamli mojaroga aylanish xavfini kuchaytirmoqda.
Hozircha xalqaro hamjamiyat vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Diplomatik yechim topish imkoniyatlari saqlanib qolmoqda, biroq har bir yangi zarba bu imkoniyatlarni yanada qisqartirayotgani ham ayon.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!