Hindiston safaridan keyin ayol miyasidan 38 ta parazit aniqlandi

Hindiston safaridan keyin ayol miyasidan 38 ta parazit aniqlandi

Oddiy sayyohlik sayohati deb boshlangan safar bir ayolning hayotini butunlay o‘zgartirdi. Buyuk Britaniyalik Louri Denman Hindistonga qilgan sayohatidan keyin qariyb o‘n yil davomida og‘ir kasalliklar bilan kurashishga majbur bo‘lganini so‘zlab berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Louri 2007 yilda, yigirma yoshlarida Hindistonga sayohat qilgan. U safar davomida ehtiyotkorlik qilib, kasallik yuqtirmaslik maqsadida faqat vegetarian taomlar iste’mol qilgan. Biroq bu ham uni xavfli parazitdan asrab qololmagan.

Oradan to‘rt yil o‘tgach, uning organizmidan qariyb bir metr uzunlikdagi tasmasimon gijja chiqqan. Shifokorlar muammo bartaraf etildi, deb hisoblashgan. Ammo ko‘p o‘tmay ayolda kuchli bosh og‘riqlari, tutqanoq xurujlari va boshqa xavotirli alomatlar paydo bo‘lgan.

Tekshiruvlar natijasida Louriga neyrotsistiserkoz tashxisi qo‘yilgan. Bu cho‘chqa tasmasimon qurti lichinkalari miyaga tushishi natijasida rivojlanadigan xavfli parazitar kasallik hisoblanadi. Shifokorlar uning miyasida jami 38 ta parazit borligini aniqlagan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday kasallik, odatda, parazit tuxumlari bilan ifloslangan suv yoki oziq-ovqat iste’mol qilish, shuningdek, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etmaslik oqibatida yuqadi.

Davolanish jarayoni Louri uchun nihoyatda og‘ir kechgan. Shifokorlar dunyoning turli mamlakatlaridagi mutaxassislar bilan maslahatlashishga majbur bo‘lgan. Kuchli dori vositalari sabab uning tashqi ko‘rinishi o‘zgargan, mashina boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan va hatto ish faoliyatini ham to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.

Miyadagi shishlarning qayta-qayta paydo bo‘lishi unda ruhiy tushkunlik va xavotir holatlarini keltirib chiqargan. Bir muddat u ruhiy salomatlik muassasasida ham davolangan.

Bugungi kunda Louri Denmanning ahvoli ancha yaxshilangan. Uning aytishicha, 2017 yildan buyon qabul qilayotgan davolash usullari samara bergan va kasallik asoratlari deyarli kuzatilmayapti.

Endilikda u o‘z boshidan kechirgan og‘ir sinovlar haqida 12 qismdan iborat podkast tayyorlamoqda. Uning maqsadi — shunga o‘xshash kasalliklarga duch kelgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga umid bag‘ishlash.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar