AQSHda tashlandiq kemadan 60 ta mushuk topildi

AQSHning Vashington shtati sohillarida tashlab ketilgan 12 metrlik qayiqdan 60 ta mushuk qutqarib olindi. Mushuklar 6 avgust kuni Takoma shahri yaqinidagi Ouen sohilida aniqlanib, oxirgisi 11 avgust kuni kemadan olib chiqildi. Ularning aksariyati qo‘rqqan va och qolgan holatda bo‘lgan, qutqaruv ishlari bir hafta davom etgan. Politsiya kemada yana hayvonlar qolgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, aholidan bu haqda xabar berishni so‘radi.
AQSHning Vashington shtati sohillarida tashlab ketilgan qayiqdan 60 ta mushuk topilib, qutqarib olindi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, CBS News xabar berdi.
Uzunligi 12 metr bo‘lgan qayiq avgust oyi boshida Takoma shahri yaqinidagi Ouen sohilida aniqlangan. Politsiya ilk bor 6 avgust kuni kema haqida xabar topgan va uning ichida og‘ir sharoitda yashayotgan o‘nlab mushuklarni aniqlagan.
Politsiya hamda hayvonlarni muhofaza qilish xizmati xodimlari bir hafta davomida kemani sinchiklab tekshirib, mushuklarni ehtiyotkorlik bilan olib chiqdi. 11 avgust kuni oxirgi mushuk ham qutqarildi.
Takoma politsiyasi barcha mushuklar olib chiqilganiga ishonch hosil qilinganini, biroq ular yashirinishga juda usta bo‘lgani sababli kemada yana hayvonlar qolgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Qutqaruvchilarning aytishicha, mushuklarning aksariyati qo‘rqqan va och qolgan holatda bo‘lgan. Ularni xavfsiz olib chiqish uchun sabr, g‘amxo‘rlik va katta jamoaviy mehnat talab etilgan.
Politsiya aholidan kemada yana mushuklarni ko‘rib qolishsa, xabar berishni so‘radi. Shuningdek, fuqarolarga tashlandiq kema bortiga chiqmaslik tavsiya etildi. Agar egasi qaytib kelmasa, hokimiyat uni sohildan olib tashlashni rejalashtirmoqda.
Takoma qoidalariga ko‘ra, bir xonadonda ko‘pi bilan 6 ta mushuk yoki it boqish mumkin. Politsiya tergov tafsilotlarini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, mazkur holat hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va ularni qarovsiz qoldirish nuqtayi nazaridan baholanishi mumkin.
Avvalroq Tobi laqabli mushukda 28 ta barmoq borligi aniqlanib, jahon rekordi o‘rnatilgani haqida xabar berilgan edi.






























Izohlar 0
…