Qarz tufayli erkak ustiga qaynoq suv quyilib halok bo‘ldi

Sankt-Peterburgda 30 ming rubl qarz sabab tanishini o'ldirganlikda gumon qilinayotgan ikki nafar xorij fuqarosi qo'lga olindi. Gumonlanuvchilar Veteranov prospektidagi turar joylardan birida jabrlanuvchining chiqib ketishiga to'sqinlik qilib, qarzni qaytarishni talab qilgan va uni kaltaklab, ustiga qaynoq suv quygan.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 30 ming rubl miqdoridagi qarz fojiali voqeaga sabab bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tanishini qarz masalasi tufayli shafqatsizlarcha o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan ikki nafar xorij fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh tergov boshqarmasiga tayanib, mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Tergov materiallariga ko‘ra, jinoyat Veteranov prospektida joylashgan turar joylardan birida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar jabrlanuvchining xonadan chiqib ketish yo‘lini to‘sib qo‘ygan va undan 30 ming rubl qarzni zudlik bilan qaytarishni talab qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkakning qarshiligini sindirish hamda uni pulni to‘lashga majbur qilish maqsadida gumonlanuvchilar uning boshi va tanasiga qo‘llari hamda oyoqlari bilan ko‘plab zarbalar bergan. Shundan keyin ular jabrlanuvchini yanada qo‘rqitish uchun uning ustiga qaynoq suv quygan.
Olingan og‘ir tan jarohatlari va kuchli kuyishlar oqibatida erkak voqea joyining o‘zida hayotdan ko‘z yumgan. Tergov manfaatlarini inobatga olgan holda, halok bo‘lgan shaxsning shaxsi, murdaning topilish holatlari hamda o‘limning aniq vaqti hozircha ochiqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi — qasddan odam o‘ldirish bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan bo‘lib, hozirda tergovchilar va kriminalistlar voqeaning barcha tafsilotlari hamda har bir shaxsning jinoyatdagi ishtiroki darajasini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Shuningdek, yaqin kunlarda sud tergov organlarining gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Ayni paytda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






























Izohlar 0
…