Futbol o‘yini vaqtida yashin urdi: 24 yoshli futbolchi halok bo‘ldi (video)

Tailandning Sungay Golok shahridagi Santiphap stadionida futbol uchrashuvi vaqtida yashin urishi oqibatida 24 yoshli futbolchi Sofvan Avae vafot etdi. Hodisa 4 avgust kuni Golok FA Cup turniri doirasidagi o‘yin paytida yuz berib, yana 12 nafar futbolchi jarohat oldi. Jabrlanganlar shifoxonaga olib ketilgan va shifokorlar ularning ahvolini nazorat qilmoqda.
Tailandda futbol uchrashuvi davomida yuz bergan baxtsiz hodisa bir futbolchining hayotiga zomin bo‘ldi. Kuchli yashin zarbasi oqibatida 24 yoshli futbolchi Sofvan Avae vafot etdi, yana 12 nafar o‘yinchi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fojia 4 avgust kuni Tailandning Sungay Golok shahrida joylashgan Santiphap stadionida mahalliy Golok FA Cup turniri doirasida o‘tkazilayotgan uchrashuv vaqtida sodir bo‘lgan. Kutilmaganda maydonga yashin tushib, bir nechta futbolchiga zarba bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda chaqmoq urilgan zahoti maydonda kuchli yorug‘lik va ovoz paydo bo‘lgani, shundan so‘ng o‘yinchilarning jabrlanganlarga yordam berish uchun yugurib kelgani aks etgan.
Politsiya boshlig‘i Tun Sirikhuntning ma’lum qilishicha, shifokorlar Sofvan Avaening hayotini saqlab qolish uchun barcha zarur choralarni ko‘rgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, futbolchi vafot etgan.
Hodisa oqibatida yana 12 nafar futbolchi shifoxonaga olib ketilgan. Ular orasida Malayziya fuqarosi ham borligi aytilmoqda. Shifokorlar ularning ahvolini nazoratga olgan.
Marhum Sofvan Avae SAMCOLTS jamoasida qanot hujumchisi sifatida to‘p surgan va yaqinda Tailandning Yala klubi bilan shartnoma imzolagan edi.
Yala klubi rasmiy bayonot berib, futbolchining oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Hozirda hodisa yuzasidan tegishli idoralar tomonidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…