Ona farzandi bilan muloqot uchun qo‘liga klaviatura tatuirovka chizdirdi

Kanadalik ona Jessika Fletcher gapira olmaydigan autizmli 11 yoshli o‘g‘li Xanter bilan muloqot qilish uchun bilagiga klaviatura tasvirini tatuirovka qildirdi. Bu g‘oya Xanter bilan restoranda bo‘lganida AAC qurilmasi batareyasi tugab, bolaning salfetkaga chizilgan klaviatura orqali buyurtma berganidan keyin paydo bo‘lgan.
Farzandi har qanday vaziyatda ham o‘z fikrini bildirishi va yaqinlari bilan muloqot qila olishi uchun kanadalik ona Jessika Fletcher o‘ziga g‘ayrioddiy yechim topdi. U gapira olmaydigan autizmli o‘g‘li Xanter istagan paytda u bilan muloqot qila olishi uchun bilagiga klaviatura tasvirini tatuirovka qildirdi.
Bu g‘oya oddiy, ammo oila uchun muhim bo‘lgan bir voqeadan keyin paydo bo‘lgan. Jessika 11 yoshli Xanter bilan ovqatlanish uchun restoranga borganida, bolaga so‘z va belgilarni tanlash orqali muloqot qilish imkonini beruvchi AAC qurilmasining, ya’ni planshetining batareyasi to‘satdan tugab qolgan.
Ona bu holatdan xavotirlangan bo‘lsa-da, Xanter xotirjamlikni saqlagan. U salfetkani olib, unga klaviatura chizgan va barmog‘i bilan kerakli harflarni ko‘rsatib, nima buyurtma qilmoqchi ekanini tushuntirgan.
Aynan shu vaziyat Jessika uchun muhim fikrga sabab bo‘ldi. U texnologiya har doim ham ishonchli bo‘lavermasligini, shuning uchun farzandini faqat elektron qurilmaga bog‘lab qo‘ymaslik kerakligini angladi.
«Texnologiya bizga ba’zan xiyonat qilishi mumkin, shuning uchun uning imkoniyatlarini faqat qurilma bilan cheklab qo‘ymasligim kerak», — dedi Fletcher CTV News nashriga.
Ona qo‘lidagi «zaxira klaviatura»
Shundan so‘ng Jessika tatuirovka ustasi bilan hamkorlik qilib, bilagiga haqiqiy klaviaturaga o‘xshash tasvir tushirtirdi. Unda harflardan tashqari, xursandchilik va xafalikni ifodalovchi belgilar hamda «Men sizni yaxshi ko‘raman» ma’nosidagi yurakcha tugmasi ham bor.
Ona yangi tatuirovkasini o‘g‘liga ko‘rsatganida, Xanter birinchi bo‘lib «Mama» so‘zini terdi. Bu Jessika uchun unutilmas lahza bo‘ldi.
Endi ular birga bo‘lganida, Xanter onasi bilan muloqot qilish uchun shunchaki uning qo‘lidagi klaviaturadan foydalanishi mumkin. Bu esa avvalgi muloqotda yuzaga kelgan ko‘plab qiyinchiliklarni kamaytirgan.
Tatuirovkaning yana bir o‘ziga xos jihati bor — maxfiy muloqot qilish imkoniyati. Elektron qurilma Xanter aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qib bersa, onasining qo‘lidagi klaviatura orqali ular boshqalar eshitmaydigan tarzda gaplasha oladi.
G‘oya butun dunyoga tarqaldi
Jessika 8 iyul kuni Xanterning qo‘lidagi klaviatura orqali muloqot qilayotgani aks etgan videoni Facebook'da e’lon qildi. Video ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib, ikki milliondan ortiq layk to‘pladi.
Bu g‘oya boshqa oilalarga ham ilhom berdi. Jessika autizmli va gapira olmaydigan insonlar uchun muloqotdagi to‘siqlarni kamaytirish muhimligini ta’kidladi.
Qizig‘i, Xanterning maktabdagi do‘stlari ham shunday klaviaturali futbolkalarga ega bo‘lishni xohlab qolishgan. Ular bu orqali tanaffus paytida Xanter bilan muloqot qilish, hatto boshqalar eshitmaydigan tarzda unga sirlarini aytishni istashgan.
Shundan so‘ng Jessika kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan hamkorlik qilib, yeng qismida klaviatura tasviri tushirilgan futbolkalar yaratishni boshladi.
Uning aytishicha, dunyoning turli hududlaridan ota-onalar, hamshiralar, shifokorlar va birinchi yordam xodimlari ham unga murojaat qilgan. Ular bu usuldan autizmli bolalar bilan maktab, shifoxona yoki oila muhitida muloqot qilishni osonlashtirish uchun foydalanishga qiziqish bildirgan.
Ayrim tatuirovka ustalari esa autizmli farzandi bor ota-onalarga xuddi shunday klaviaturani bepul tatuirovka qilib berishni taklif qilgan.
Jessika Fletcherning oddiy bir oilaviy vaziyatdan topgan yechimi shu tariqa nafaqat Xanterning muloqotini yengillashtirdi, balki boshqa ko‘plab oilalar uchun ham insonlar o‘rtasidagi muloqot to‘siqlarini yengish mumkinligini ko‘rsatgan ta’sirli g‘oyaga aylandi.






























Izohlar 0
…