Braziliyada erkak sun’iy intellekt yaratgan ayol deb boridan ayrildi

Braziliyada erkak sun’iy intellekt yaratgan ayol deb boridan ayrildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Braziliyada 49 yoshli Edimar Martins ismli quruvchi internetda tanishgan Jessika ismli ayol bilan uchrashish uchun bor-yo‘g‘ini sotib, minglab kilometr yo‘l bosib borgan.
  • Manzilga yetib borgach, Jessika ismli ayol aslida mavjud emasligi, uning suratlari va videolarining sun’iy intellekt yordamida yaratilgani ma’lum bo‘lgan.
  • Radiostansiya xodimlari Edimarga Jessikaning virtual obraz ekanini tushuntirgan, akkaunt yaratuvchisi esa videolarni noto‘g‘ri tushunganini bildirgan.

Braziliyada 49 yoshli erkak internetda tanishgan ayoli bilan uchrashish umidida bor-yo‘g‘ini sotib, minglab kilometr yo‘l bosdi. Ammo u manzilga yetib borgach, sevib qolgan Jessika ismli ayol aslida mavjud emasligini bildi. Ma’lum bo‘lishicha, uning suratlari va videolari sun’iy intellekt yordamida yaratilgan.

«Qirollardek yashaymiz» degan va’daga ishondi

Edimar Martins ismli quruvchi internet orqali yosh, sariq sochli Jessika bilan tanishgan. Uning aytishicha, ayol Braziliyaning Minas-Jerays shtatidagi fermada yolg‘iz yashashini aytgan va erkakni oldiga kelishga chorlagan. Jessika birga yashashsa, uni «qirollardek hayot» kutishiga ishontirgan.

Ayolning gaplariga ishongan Edimar uchrashish uchun bor mol-mulkini sotgan va uyidan taxminan 2 ming kilometr uzoqdagi Belo-Orizonti shahriga yo‘l olgan. U avtobusda 36 soat safar qilgan.

Sevgan ayoli aslida mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi

Shaharga yetib kelgan erkak Jessikaning aniq manzilini bilmagani uchun ko‘chadagi odamlarga uning suratlarini ko‘rsatib, izlashga tushgan. Keyinchalik u mahalliy radiostansiyaga murojaat qilgan. Radiostansiya xodimlari unga Jessika haqiqiy inson emas, balki sun’iy intellekt orqali yaratilgan virtual obraz ekanini tushuntirgan.

Akkauntni ochgan shaxs ham Edimar bilan hech qachon shaxsan gaplashmaganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, erkak videolarni noto‘g‘ri tushunib, ulardagi gaplarni o‘ziga qaratilgan taklif deb qabul qilgan.

Anonim yaratuvchi profil obunachilarni ko‘paytirish va mahsulotlarni reklama qilish maqsadida ochilganini aytgan.

Bunday holat birinchi marta kuzatilmayapti

Radio Itatiaia ma’lumotiga ko‘ra, bundan avval ham yana ikki erkak shunga o‘xshash virtual obrazlarga ishonib, Belo-Orizonti shahriga kelgan.

Hodisadan so‘ng shahar ma’muriyati Edimarning uyiga qaytishi uchun yo‘l chiptasi xarajatlarini qoplab bergan.

Bu voqea internetdagi tanishuvlarda ehtiyotkor bo‘lish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan surat va videolar haqiqiy insonga o‘xshashi mumkin. Shu sababli internetdagi har qanday ma’lumotga ishonishdan oldin uni tekshirish muhim.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar