Turkiyada avtobus haydovchisi hushidan ketgan yo‘lovchini shifoxonaga olib bordi (video)

Turkiyaning Elazig‘ shahrida jamoat avtobusi haydovchisi to‘satdan hushidan ketib, yerga yiqilgan yo‘lovchiga yordam berish uchun yo‘nalishini o‘zgartirdi. Bu haqda Kanal23 xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shahar markazida qatnovni amalga oshirayotgan avtobus yo‘lovchilaridan biri to‘satdan o‘zini yomon his qilib, yerga yiqilgan. Vaziyatni ko‘rgan boshqa yo‘lovchilar haydovchi Emrax Zamanga xabar bergan.
Haydovchi transport boshqarmasidan ruxsat olgach, belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqib, avtobusni Fethi Sekin shahar shifoxonasi tomon haydagan. Yo‘lda boshqa transport vositalaridan yo‘l bo‘shatishni so‘rab, signal bergan.
Avtobus shifoxonaga yetib kelgach, tibbiyot xodimlari yo‘lovchini zambilga olib, shifoxonaga olib kirgan. U davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisa avtobusning kuzatuv kamerasiga tushgan. Yo‘lovchining keyingi ahvoli haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.






























Izohlar 0
…