Shvetsiyada yo‘lovchilar avtobusni halokatdan saqlab qoldi

Shvetsiyaning janubida sodir bo‘lgan voqea yo‘lovchilarning jasorati va tezkor harakati tufayli katta fojiaga aylanmay qoldi. Taxminan 50 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus trassada harakatlanayotgan paytda haydovchi to‘satdan hushidan ketgan. Avtobus esa tezlikni kamaytirmay, yo‘lda boshqaruvdan chiqish xavfini tug‘dirgan.
Shunday xavfli vaziyatda yo‘lovchilardan biri — Mariya Xelte darhol haydovchi o‘rindig‘iga yetib borib, rulni ushlagan. Unga yana bir yo‘lovchi — Niranjan yordamga kelgan. Ular avtobusni imkon qadar yo‘lning o‘zida ushlab turishga harakat qilgan.
Yo‘lovchilarning tezkor harakati natijasida avtobus qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishining oldi olingan. Oxir-oqibat, transport vositasi yo‘l chetidagi to‘siqqa yo‘naltirilib, tezligi pasaytirilgan va avtobus to‘xtatilgan. Keyin hushiga kelgan haydovchi ham tormozni bosishga muvaffaq bo‘lgan.
Eng muhimi, hodisa oqibatida yo‘lovchilardan hech biri jabrlanmagan. Hushidan ketgan haydovchi esa shifoxonaga olib ketilgan.
Voqea ortidan yo‘lovchilarning jasorati Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda ham katta e’tibor qozondi. Ayniqsa, avtobus boshqaruvini qo‘lga olgan Mariya Xeltening tezkor qarori ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…