Qozog‘istonda ilk qor sabab hushidan ketgan qizni politsiyachilar shifoxonaga olib bordi

Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida ilk qor yog‘ishi ortidan yo‘llarda muzlama yuzaga keldi. Noqulay ob-havo sharoiti sabab hushidan ketgan qizni shifoxonaga yetkazish qiyinlashgan. Natijada unga patrul politsiyasi xodimlari yordam bergan.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, voqea 26 noyabr kuni O‘ral — Oqto‘be avtomobil yo‘lida, Barbastau qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.
Shu hududda xizmat olib borayotgan patrul politsiyasi xodimlariga Chevrolet Cobalt avtomobili haydovchisi murojaat qilgan. U mashina salonida hushsiz holatda bo‘lgan qiz borligini va yo‘llardagi muzlama sabab uni mustaqil ravishda shifoxonaga olib borolmayotganini aytgan.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, tez tibbiy yordam allaqachon chaqirilgan, biroq ob-havo va yo‘l sharoiti tibbiyot xodimlarining tez yetib kelishiga to‘sqinlik qilgan.
Vaziyat jiddiyligini anglagan politsiya xodimlari Sog‘indiq Umbayev va Ansar Maratov qizni zudlik bilan xizmat avtomobiliga joylashtirgan. Ular qizga hamrohlik qilayotgan qishloq feldsheri bilan birgalikda uni O‘ral shahridagi tibbiyot muassasasiga olib borishgan.
U yerda bemor tibbiyot xodimlariga topshirilgan. Ayni paytda qizning ahvoli barqaror ekani va zarur davolanishni olayotgani ma’lum qilingan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…