Ebola xavfi kuchaymoqda: Nigeriyada virus aniqlandi, 44 kishi nazoratda

Ebola xavfi kuchaymoqda: Nigeriyada virus aniqlandi, 44 kishi nazoratda

Nigeriya poytaxti Abujada Ebola virusi bilan kasallanish holati qayd etildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi. Bemor bilan aloqada bo‘lgan 44 kishi aniqlanib, ularda infeksiya mavjudligi tekshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayolda kasallik alomatlari 7-oktyabr kuni boshlangan. U to‘rt kundan keyin Abuja shahridagi shifoxonaga yotqizilgan va tekshiruvlar natijasida Ebola bilan kasallangani tasdiqlangan. Bemorning Nigeriyaga qachon kelgani hamda virusni qayerda yuqtirgani hozircha aniqlanmagan.

Uganda Sog‘liqni saqlash vazirligi ayol mamlakat hududidan tranzit orqali o‘tganini bildirgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, u Nigeriya fuqarosi bo‘lib, Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismiga xizmat safari bilan borgan. Biroq Nigeriya rasmiylari uning fuqaroligini tasdiqlamagan.

Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bosh direktori Jan Kaseya vaziyatni “nihoyatda jiddiy tahdid” deb baholagan. Uning aytishicha, Ebola virusining Bundibugyo turidan o‘lim darajasi qariyb 50 foizni tashkil etadi.

“The Guardian” xabariga ko‘ra, Keniya ham shu oy boshida Ebola bilan kasallanishning ilk holatini tasdiqlagan. Shundan buyon mamlakatda to‘qqizta zararlanish holati qayd etilgan. Uganda esa avvalgi epidemiya tugaganini e’lon qilgan.

Nigeriya sog‘liqni saqlash idoralari Keniyada kasallik aniqlanganidan so‘ng epidemiologik kuzatuvni kuchaytirgan va ehtimoliy epidemiya holatiga tayyorgarlik choralarini ko‘rgan.

Hozircha infeksiya manbai aniqlanmagan. Mutaxassislar bemor bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tekshirish orqali virus tarqalishi xavfini baholamoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar