Samolyotda eshikni ochishga uringan yo‘lovchi parvoz vaqtida vafot etdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 6-oktyabr kuni Nigeriyada Kenya Airways aviakompaniyasining Nayrobi–Lagos yo‘nalishidagi reysi davomida bir yo‘lovchi samolyot eshigini ochishga uringach, vafot etdi.
- U avval Madagaskarga kirishga ruxsat berilmagani sababli Nigeriyaga qaytarilgan edi.
- Samolyot Lagosga qo‘nishidan 20 daqiqa oldin yo‘lovchi hushsiz bo‘lib qolgan va aeroportga qo‘ngach, uning o‘limi tasdiqlangan.
- Hodisa yuzasidan Nigeriya politsiyasi tergov olib bormoqda.
Joriy yilning 6 oktyabr kuni Nigeriyada Nayrobi–Lagos yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan samolyotda kutilmagan hodisa yuz berdi. Parvoz vaqtida yo‘lovchilardan biri ekipaj a’zolariga qarshilik ko‘rsatib, dastlab uchuvchilar kabinasiga kirishga, keyin esa samolyot eshigini ochishga uringan. Hodisa oqibatida u vafot etdi. Bu haqda Nigeriya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, “Legit.ng” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu yo‘lovchi dastlab aviakompaniya tomonidan Madagaskarga olib borilgan. Biroq u yerda mamlakat bojxona organlari tomonidan ortga qaytarilgan va Madagaskar hududiga kirishiga ruxsat berilmagan. Shu sababli Kenya Airways uni yana o‘sha yo‘nalish bo‘yicha Nigeriyaga qaytarishga majbur bo‘lgan.
Qaytish parvozi davomida erkakning xatti-harakatlari keskin o‘zgarib, u tajovuzkor harakat qila boshlagan. U birinchi navbatda uchuvchilar kabinasiga kirishga uringan. Biroq ekipaj uning kabinaga kirishiga yo‘l qo‘ymagan. Shundan keyin yo‘lovchi samolyotning orqa eshigi tomon borib, uni ochishga harakat qilgan.
Boshqa yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda vaziyatning yanada keskinlashib ketishining oldini olish maqsadida ekipaj a’zolari erkakni ushlab, qo‘llarini orqasidan bog‘lab qo‘ygan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ham yo‘lovchining samolyot havoda bo‘lgan paytda eshikni ochishga urinayotgani aks etgan.
Kenya Airways ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Lagosga qo‘nishiga taxminan 20 daqiqa qolganida yo‘lovchi hushsiz holatga kelgan. Ekipaj a’zolari unga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shunga qaramay, samolyot Lagosdagi Murtala Muhammad xalqaro aeroportiga taxminan soat 21:41 da qo‘nganidan so‘ng, tibbiyot xodimlari yo‘lovchini ko‘zdan kechirib, uning vafot etganini aniqlagan.
Hozircha marhumning shaxsi, fuqaroligi va yoshi, shuningdek, uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani rasman oshkor etilmagan. Mazkur holat yuzasidan Nigeriya politsiyasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Nigeriya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi vakili Maykl Achimugum hodisaning aniq sabablari bo‘yicha tergov yakunlanguniga qadar xulosa chiqarmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, agar marhumning oilasi zarur deb hisoblasa, sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilishini so‘rashi mumkin.
Kenya Airways kompaniyasi esa marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Aviakompaniya tergov jarayoni doirasida mahalliy organlar hamda aviatsiya nazorati idoralari bilan zarur hamkorlikni amalga oshirishini ma’lum qilgan.






























Izohlar 0
…