Avstraliyada marhumlarni tuproqqa aylantirishga qonunan ruxsat berildi

Avstraliyada marhumlarni tuproqqa aylantirishga qonunan ruxsat berildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Yangi Janubiy Uels shtatida marhumlarning tanasini maxsus jarayon orqali unumdor tuproqqa aylantirishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilindi.
  • Mustaqil deputat Aleks Grinvich tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus an'anaviy dafn va krematsiyaga nisbatan ekologik jihatdan qulay hamda arzonroq muqobil hisoblanadi.
  • Inson tanasini kompostlash deb ataluvchi ushbu jarayon 40–60 kun davom etib, natijada olingan tuproq marhumning yaqinlariga topshiriladi.

Avstraliyada dafn marosimlariga nisbatan g‘ayrioddiy muqobil usul joriy etilmoqda. Yangi Janubiy Uels shtatida marhumlarni maxsus jarayon orqali unumdor tuproqqa aylantirishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, aholi 2028 yildan boshlab ushbu usuldan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

The Sydney Morning Herald nashri xabar berishicha, mazkur tashabbus an’anaviy dafn va krematsiyaga nisbatan arzonroq hamda ekologik jihatdan qulayroq muqobilni taklif etishga qaratilgan. Qonun loyihasini mustaqil deputat Aleks Grinvich ilgari surgan.

Marhum qanday qilib tuproqqa aylantiriladi?

Ushbu usul terraformatsiya yoki inson tanasini kompostlash deb ataladi. Jarayonda marhumning tanasi somon, pichan va gulbarglari kabi tabiiy materiallar bilan birga maxsus germetik konteynerga joylashtiriladi.

Konteyner ichida 40–60 kun davomida havo aylanishi ta’minlanadi. Natijada organik moddalar parchalanib, o‘simliklar yetishtirishda foydalanish mumkin bo‘lgan unumdor tuproq hosil bo‘ladi. Tayyor mahsulot marhumning yaqinlariga topshiriladi.

Nega bu usulga ehtiyoj paydo bo‘ldi?

Yangi dafn usulini qo‘llab-quvvatlayotganlar uning bir nechta afzalligini ta’kidlamoqda. Birinchidan, bunday jarayon uchun an’anaviy qabristonda alohida yer maydoni ajratish talab qilinmaydi. Bu qabristonlar uchun joy yetishmayotgan hududlarda muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, terraformatsiya krematsiyaga nisbatan kamroq issiqxona gazlari chiqarishi mumkin. Shuningdek, mazkur usul oddiy dafn marosimiga qaraganda arzonroq bo‘lishi kutilmoqda. Avstraliyada an’anaviy dafn xarajatlari 50 ming dollargacha yetishi mumkinligi qayd etilgan.

Yangi tartib qachon kuchga kiradi?

Avstraliyada ushbu xizmatni ko‘rsatish uchun sanitariya va ekologik talablarga javob beradigan maxsus litsenziyalangan markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ular 2028 yilgacha ishga tushirilishi kutilmoqda.

Mazkur qaror Avstraliyada va janubiy yarimsharda ushbu dafn usulini qonuniylashtirish bo‘yicha ilk qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Dunyoda esa inson tanasini kompostlashga ayrim AQSH shtatlari va Germaniyaning Shlesvig-Golshteyn hududida ham ruxsat berilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar