Bugun (10-avgust) O‘zbekiston tijorat banklari AQSH dollarining so‘mga nisbatan qiymatini keskin oshirdi. Banklarda dollarning sotuv kursi 12 120—12 135 so‘mgacha, yaʼni birdaniga 400 so‘mdan yuqori o‘sdi. 9-avgust kuni banklardan dollar sotib olish kursi o‘rtacha 11 720 so‘m bo‘lgandi. Xo‘sh, buning sabablari nimada?
Markaziy bank mazkur holat yuzasidan axborot berib, so‘m almashuv kursi devalvatsiyasining sabablarini tushuntirdi.
“Asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi. Bu, o‘z navbatida, eksport va pul o‘tkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatimizga valyuta tushumlariga va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy taʼsir ko‘rsatdi. Natijada, ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi surʼatining biroz tezlashishi – fundamental omillar taʼsirida to‘g‘rilanishi kuzatildi”, — deya maʼlum qildi regulyator.
Qo‘shimcha qilinishicha, Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishini oldini olish bo‘yicha yetarli instrumentlarga ega. Zarur hollarda qo‘shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi.
“Mazkur to‘g‘rilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o‘sishiga xizmat qiladi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘ladi”, — deya qayd etgan Markaziy bank.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, kurs qadrsizlanishiga yana bir necha omillar taʼsir ko‘rsatgan.
“O‘tgan yilning shu davriga nisbatan so‘mning real samarali almashuv kursi mustahkamlanishi 8,3 foizga, bazaviy davr 2019-yil sentyabriga nisbatan 10,8 foizga yetgandi. Iyulda asosiy ikki savdo hamkorlarimiz valyutalari alohida va korzinada qadrsizlanishda davom etdi va davom etmoqda. Shu maʼnoda, real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘lishi faqat bizga bog‘liq emas.
O‘zi kurs o‘zgarishi bilan bog‘liq joriy tendensiyalarni nafaqat real samarali almashuv kursi, balki ikki tomonlama defitsit: tashqi savdo va budjet defitsiti oshib borayotganiga bog‘lash va shu orqali izohlash yanayam tushunarliroq va adolatliroq bo‘lardi”,—deb yozgan iqtisodchi.
Twitter‘dagi MacroBS sahifasi muallifi ham devalvatsiya to‘g‘risida munosabat bildirdi.
“Ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi surʼatining biroz tezlashishi...” — bir kunda o‘tgan yilgi yillik devalvatsiya bo‘layotgan bo‘lsa, bu biroz emas, jiddiy devalvatsiyada endi. Markaziy bank keltirgan asosiy sabab real almashuv kursining mustahkamlanishi. Real almashuv kursining mustahmaklanishi bu oddiy qilib aytganda, o‘zbek mahsulotlari savdo hamkorlariga nisbatan qimmatlashyapti, degani. Qancha qimmatlashgan? Markaziy bank yarim yil yakuni bo‘yicha chiqargan hisobotida 10,6 foiz hisoblagan. Sababi o‘tgan 2 yilda so‘m o‘rtacha dollarga nisbatan yiliga 3,5 foiz atrofida devalvatsiya bo‘lgan. Inflyatsiya esa rasmiysi ham 2 xonadan baland. Shukrki, dollar 10 foizga ko‘tarilmadi ham.
Devalvatsiya narx-navoga taʼsir qilmasdan qolmaydi. Markaziy bank devalvatsiyani inflyatsiyaga taʼsirini kulgili ravishda baholagan. Butun dunyoda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 0,3–0,4 foiz band bo‘lsa, bizda sal kam 2 baravar kam ekan devalvatsiyani inflyatsiyaga taʼsiri. Agar fundamental omil ichki disbalans oqibati bo‘lsa – budjet defitsiti, iqtisodiyotdagi samarasizlik, eksport bilan muammolar – unda yechim devalvatsiya emas, strukturaviy islohotlar qilishni talab qiladi”, — deya yozgan MacroBS.
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Twitter’dagi sahifasida kurs oshishida o‘sib borayotgan davlat xarajatlari va tashqi qarz asosiy omil ekaniga urg‘u bergan.
“Dollar kursiga qarab, yangi sovuq shamollarni his qildinglar-mi? Mo‘jiza iqtisodiyotda bo‘lmaydi. Inflyatsiya va almashuv kursini barobar, stabil ushlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, o‘sib borayotgan davlat xarajatlari va katta qarz sharoitida. Yangi supurgi...”, — deb yozgan mutaxassis. Tvit ostidagi “bu muvozanatmi?” degan savolga, iqtisodchi: “Qanaqa muvozanat haqida gapiryapsiz? Bu muvozanatsizlik” deya javob qaytargan.
Yaqinda Markaziy bank rahbariyati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida o‘zbek so‘mi yiliga 6–7 foizga qadrsizlanayotgani aytilgandi. O‘shanda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov valyuta qadrsizlanishi haqidagi qarashlar nisbiy ekanini taʼkidlagan.
“So‘mning qadri nima bilan o‘lchanadi? Buni tashqi savdo bilan shug‘ullanayotganlar valyuta kursi bilan, kundalik hayotda esa inflyatsiya darajasi va narx-navo bilan o‘lchashadi. Asosiy savdo hamkorlarimizga qaraydigan bo‘lsak, so‘mimiz o‘tgan 6 oy davomida dollarga nisbatan 3,2 foizga qadrsizlandi. Turkiya, Rossiya, Xitoydagi vaziyatga qarasak, hammasi nisbiy. Ularning milliy puli qadrli, bizniki qadrsiz deb baholash – noto‘g‘ri taqqoslash bo‘ladi”, — degan u.
Mamarizo Nurmurodov fikrini davom ettirar ekan, so‘m qadrining oshishi nimalarga bog‘liqligini tushuntirgan.
“Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda milliy pulning qadrini iqtisodiyot belgilaydi. Yaʼni iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, uni tashqi iqtisodiy faoliyatda inklyuziv rivojlanishi bu milliy pulning qadrini belgilaydigan eng asosiy ko‘rsatkichdir. O‘zbekistonda 2017-yildan, yaʼni valyuta bozori erkinlashtirilganidan beri bugungi kungacha bo‘lgan valyuta kursining o‘zgarishini tahlil qilsak, ko‘plab davlatlardagi valyuta qadrsizlanishidan bizdagisi ancha past.
Shu nuqtayi nazardan 4 yildan ortiq vaqt davomida milliy valyutamiz o‘rtacha 6–7 foizga qadrsizlanyapti. Bu degani inflyatsiya 10 foizdan yuqori bo‘layotgan sharoitda valyuta qadrsizlanib ketyapti, deyishga hech qanday asos yo‘q. Iqtisodiy o‘sishlar ham shu kursning mevasi. Bir dollar 11 500 so‘m bo‘lgani uchun o‘zbek so‘mi kuchsiz valyuta deyishga hech qanday asos yo‘q”, — degan Markaziy bank raisi.“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring