“Dunyoning eng chiroyli qizi”ni hozir tanish qiyin

Bir vaqtlar butun dunyo “eng chiroyli qiz” sifatida tan olgan fransuz modeli Tilan Blondo bugun ham millionlab muxlislar e’tibor markazida qolmoqda. Olti yoshidayoq noyob tashqi ko‘rinishi bilan mashhurlikka erishgan model yillar o‘tishi bilan nafaqat tashqi qiyofasi, balki faoliyati bilan ham keng jamoatchilik e’tiborini qozondi.

Tilan Blondoning modellik karyerasi uch yoshida boshlangan. Yelisey maydonidagi tasodifiy uchrashuv vaqtida mashhur modeler Jan-Pol Gotening agenti uni ko‘rib qoladi va qizchaning onasiga modellar namoyishida ishtirok etish taklifini beradi. Dastlab onasi bu fikrga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, Jan-Pol Gote qizaloqning podiumga chiqishini qat’iy talab qiladi. Oradan bir kun o‘tib, Tilan ilk bor katta sahnaga qadam qo‘yadi.

Unga haqiqiy shuhrat 2007 yilda keldi. Tilanning Vogue Enfants jurnali muqovasida chop etilgan surati keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va aynan shu davrdan boshlab u “dunyoning eng go‘zal qizi” sifatida tilga olina boshlandi.
Katta moda olamidagi debyutini esa 2017 yilda Milandagi moda haftaligida amalga oshirdi. U yerda Tilan Dolce & Gabbana brendi kolleksiyasini namoyish qildi. Keyinchalik model o‘zining “eng chiroyli qiz” degan obrazidan chiqib, mustaqil shaxs sifatida tanilishni xohlaganini ham aytgan.

Bugungi kunda Tilan Blondo moda industriyasining eng mashhur yuzlaridan biri sanaladi. U Miu Miu, Dolce & Gabbana, L'Oréal Paris, Versace, Ralph Lauren va Hugo Boss kabi jahon brendlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Shuningdek, u L'Oréal va fransuz dizayneri Lolita Lempika reklamalarining asosiy qahramoniga aylangan.
Yaqinda model o‘zining Enalyht nomli kosmetika va soch parvarishi mahsulotlari brendini ham ishga tushirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham uning mashhurligi yuqori bo‘lib, Instagram sahifasida 6,9 milliondan ortiq kuzatuvchisi bor.

Bir vaqtlar “dunyoning eng chiroyli qizi” sifatida tanilgan Tilan Blondo bugun nafaqat go‘zalligi, balki muvaffaqiyatli karyerasi va biznes loyihalari bilan ham diqqat markazida bo‘lib qolmoqda.





























Izohlar 0
…