O‘zbekistonda avtosug‘urta narxi rekord darajada oshib ketdi

Markaziy bank 2025 yil mayidan 2026 yil mayi yakunigacha bo‘lgan davrda mahsulot va xizmatlar narxlarida qanday o‘zgarishlar kuzatilganini tahlil qildi. Unda eng yuqori narx o‘sishi avtomobillarni sug‘urtalash sohasida qayd etilgan.
Limon narxi eng yuqori o‘sgan mahsulotlardan biri bo‘ldi
Iste’mol narxlari indeksi savatiga kiritilgan 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining 151 tasi, ya’ni 90 foizining narxi 10 foizdan past darajada oshgan. Biroq ayrim mahsulotlarda keskin qimmatlashish kuzatilgan.
Xususan, limon narxi 86,6 foizga, bodring esa 41,6 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, olma 24,8 foizga, qo‘y go‘shti 22,8 foizga, tovuq tuxumi 21,4 foizga oshgan. Mol go‘shti narxi esa 19 foizga ko‘tarilgan.
Markaziy bank keskin arzonlashgan mahsulotlar ro‘yxatini ham e’lon qildi. Jumladan, baqlajon narxi bir yil davomida 27,3 foizga, piyoz 22,9 foizga pasaygan. Sarimsoq 22 foizga, tarvuz 21,3 foizga, sabzi esa 20 foizga arzonlashgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Iste’mol guruhiga kiruvchi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 233 tasida, ya’ni 92 foizida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past darajada qayd etilgan.
Eng yuqori o‘sish jahonda oltin narxi qimmatlashgani fonida nikoh uzuklari qiymatida kuzatilgan. Ularning narxi 24,7 foizga oshgan. Shu bilan bir qatorda, propan 22,1 foizga, sement esa 13,5 foizga qimmatlashgan.
Arzonlashgan mahsulotlar orasida yirik oshxona jihozlari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lib, ularning narxi 3,1 foizga tushgan. Ichimlik tayyorlash uchun mo‘ljallangan kichik priborlar 2,3 foizga, changyutgichlar esa 1,5 foizga arzonlashgan.
Avtosug‘urta xizmatlari eng yuqori o‘sishni qayd etdi
Xizmatlar toifasidagi 98 turdan 75 tasining, ya’ni 77 foizining yillik qiymati 10 foizdan past darajada oshgan.
Biroq mazkur segmentda ham keskin qimmatlashgan xizmatlar mavjud. Ular orasida birinchi o‘rinni shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash xizmatlari egallagan. Bir yil ichida avtosug‘urta xizmatlari narxi qariyb 281,8 foizga oshgan.
Shuningdek, trolleybus yo‘l haqi 100 foizga, chiqindi olib ketish xizmati 28 foizga qimmatlashgan. Haydovchilik kurslari 22,9 foizga, sovuq suv narxi esa 22,4 foizga ko‘tarilgan.
O‘z navbatida, xalqaro aviachiptalar narxi sezilarli darajada arzonlashib, 7,7 foizga pasaygan. Pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lash 7,6 foizga, ichki aviaqatnovlar chiptalari 4 foizga tushgan. Nodavlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish qiymati ham 0,5 foizga arzonlashgan.





























Izohlar 0
…