Olimlar hayratda: Antarktida muzlari ostida ulkan sirli tuzilma topildi

Xalqaro olimlar jamoasi Sharqiy Antarktida muz qatlami ostida avval ma’lum bo‘lmagan, qit’a ko‘lamiga teng geologik tuzilmani aniqladi. U qalinligi taxminan uch kilometrgacha yetadigan muz qoplamasi ostida yashiringan ulkan havzalar tizimidan iborat bo‘lib, unga “Sharqiy Antarktida yelpiqsimon havzalar provinsiyasi” nomi berildi. Bu haqda Durham universiteti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu geologik tuzilma tarkibiga avval alohida o‘rganilgan bir qator obyektlar — Uilks va Avrora havzalari, shuningdek, Yer yuzidagi eng yirik muz osti ko‘li sanalgan Vostok ko‘li joylashgan havza ham kiradi. Garchi ular ilgari alohida tadqiq etilgan bo‘lsa-da, endilikda ular yagona va o‘zaro bog‘langan tizim ekanligi ilk bor tasdiqlandi.
Olimlar fikriga ko‘ra, mazkur tuzilma Yer qobig‘ining tarqoq rotatsion cho‘zilishi jarayoni natijasida shakllangan bo‘lib, bu jarayon markaziy nuqtadan asta-sekin kengayib, uchburchak shaklidagi havzalarni hosil qilgan. Tadqiqotchilar bu tizimni ochilgan kaftga o‘xshatishmoqda: bunda bosh barmoq asos qismida harakatsiz qoladi, qolgan barmoqlar esa yon tomonlarga yoyiladi. Mazkur provinsiya Gondvana superqit’asining evolyutsiyasi hamda keyinchalik Antarktida va Avstraliyaning ajralib ketishi bilan bog‘liq bir necha tektonik bosqichlar davomida shakllangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Bu kashfiyot nafaqat qit’aning geologik o‘tmishini qayta tiklashda, balki hozirgi kunda muz osti poydevor relefining muzlar harakatiga ta’sirini o‘rganishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, u iqlim o‘zgarishiga eng sezgir bo‘lgan muz qatlamlari hududlarining barqarorligini baholashga ham xizmat qilishi mumkin.





























Izohlar 0
…