O‘zbekistonda 3 oyda 4 mingdan ortiq egizaklar tug‘ildi

2026 yilning dastlabki uch oyi — yanvar–mart davrida O‘zbekistonda jami 191 ming 86 ta tirik tug‘ilish qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilgan chaqaloqlarning katta qismi yakka tug‘ilgan holatlarga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni 186 ming 723 ta holatda bittadan chaqaloq dunyoga kelgan.
Shu bilan birga, egizak tug‘ilishlar ham kam emas — ushbu davrda 4 ming 231 ta egizak holati rasmiy qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatda tug‘ilish darajasi barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, statistikada uch va undan ortiq chaqaloq tug‘ilgan oilalar ham qayd etilgan bo‘lib, ular soni 132 tani tashkil etgan. Bu kabi holatlar nisbatan kam uchraydigan, ammo e’tiborga molik demografik voqelik hisoblanadi.
Hududlar kesimida qaralganda, tug‘ilishlar sonida sezilarli farq kuzatiladi. Eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyatida qayd etilib, uch oyda 23 ming 120 ta chaqaloq tug‘ilgan.
Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 21 ming 563 ta va Qashqadaryo viloyati — 21 ming 292 ta tug‘ilish bilan ajralib turibdi. Bu hududlar aholining zichligi va tabiiy o‘sish sur’ati yuqori ekanligi bilan izohlanadi.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Sirdaryo viloyati — 4 ming 813 ta va Navoiy viloyati — 5 ming 241 ta holatda qayd etilgan. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 ming 80 ta tug‘ilish kuzatilgan.

Umuman olganda, ushbu statistika mamlakatda demografik o‘sish barqaror davom etayotganini va ayrim hududlarda tug‘ilish darajasi yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!