O‘zbekistonda dorixonalarni boshqa dorilarni ham olishga majburlash holatlari tekshirilmoqda

O‘zbekistonda dorixonalarni boshqa dorilarni ham olishga majburlash holatlari tekshirilmoqda

O‘zbekistonda ayrim dori importchilari xaridorgir preparatlarni sotishda boshqa dorilarni ham majburan sotib olish talabini qo‘yayotgani haqidagi shikoyatlar o‘rganilmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga 305 ta korxona dori vositalarini import qilgan. Shundan 47,2 foizi beshta korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim importchilar va ulgurji distribyutorlar talab yuqori bo‘lgan preparatlarni sotishda xaridorlardan buyurtma qilinmagan boshqa dorilarni ham olishni talab qilayotgani haqida murojaatlar ko‘paygan. Bunday holatlar kichik tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi va bozordagi raqobatni cheklashi mumkin.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda 13 744 ta dorixona bo‘lgan. 2024 yilda ularning soni 13 010 taga kamaygan. 2026 yil 1 oktyabr holatiga esa dorixonalar soni 14 598 taga yetgan. Ularning 449 tasi ulgurji, 14 149 tasi chakana savdo bilan shug‘ullanadi.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ustun muzokara kuchidan foydalanib, hamkorlarga noqulay shartlar qo‘yish yoki bir mahsulotni sotishni boshqa tovarlarni ham xarid qilishga bog‘lash qonunbuzilish hisoblanishi mumkin.

Bunday qoidabuzarliklar aniqlansa, tegishli davrda, biroq uch yildan oshmagan muddatda mahsulotlarni sotishdan olingan tushumning 5 foizigacha miqdorda moliyaviy sanksiya qo‘llanishi mumkin.

Hozirda Raqobat qo‘mitasi dori vositalari ulgurji savdosidagi ehtimoliy qonunbuzilish holatlarini o‘rganmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar