date

Toshkentda dorilar endi faqat "elektron retsept" bilan

Toshkentda dorilar endi faqat "elektron retsept" bilan

2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri va yana bir qator hududlarda dori sotish bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kirdi. Yangi tartibga ko‘ra, endilikda qariyb 13 ming nomdagi dori vositasini faqat shifokor retsepti asosida olish mumkin bo‘ladi. Bu ro‘yxatga antibiotiklar, gormonal va psixotrop preparatlar, tibbiy spirt kabi vositalar ham kirgan.

Sohada boshlanayotgan islohotlar doirasida “Elektron retsept” — DMED raqamli axborot tizimi joriy etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 570-sonli qaroriga binoan, tizim 2025 yil 10 dekabrdan Toshkent va mamlakatning 15 ta shahar va tumanida sinov tariqasida ishlaydi. 2026 yil oxirigacha barcha shifoxona va dorixonalar to‘liq ulanib, 2027 yil yanvardan umumiy tarzda amal qiladi.

Endilikda barcha tibbiy va farmatsevtika muassasalari DMED platformasi orqali ish yuritadi. Platforma to‘liq ishga tushguncha, mavjud elektron sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatda qoladi.

Shifokorlar tayinlaydigan dori vositalari raqamli shaklda rasmiylashtirilib, “Elektron retsept” moduliga integratsiya qilinadi. Preparatlar xalqaro nomlar orqali belgilab boriladi — faqat kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop moddalar va reimbursatsiya dasturiga kirgan dori vositalari bundan mustasno.

Elektron retsept olish jarayoni quyidagicha:

1. Bemor shifokor qabulidan o‘tadi va davolash yo‘nalishi belgilanadi.

2. Barcha ma’lumotlar elektron tibbiy kartaga kiritiladi.

3. Shifokor QR-kod va elektron imzo orqali retseptni rasmiylashtiradi.

4. Bemor dorixonaga murojaat qiladi, farmatsevt retseptni tekshirib, dorini berib, ma’lumotni tizimga kiritadi.

5. Zarur hollarda qog‘oz shaklidagi retsept ham taqdim qilinishi mumkin.

Elektron retseptda shifokor ma’lumotlaridan tortib, bemorning JSHSHIR raqami, diagnozi, dori vositasining nomi va qabul qilish tartibigacha barcha ma’lumot aks etadi.

Tizim orqali faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari beriladi. Farmatsevtlar dorining seriyasi va muddatini tizimga kiritib boradi, shifokorlar esa onlayn nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Elektron retsept tibbiy ko‘rsatmalarsiz yoki mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmagan dorilar uchun rasmiylashtirilmaydi. Anesteziya vositalari ham elektron tarzda berilmaydi.

Nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy bo‘limlar tomonidan amalga oshiriladi, dorixonalardagi jarayonlar esa Farmatsevtika xavfsizligi markazi orqali kuzatiladi. Kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni hisobga olish tizimi 2027 yil 1 yanvargacha to‘liq ishlab chiqilishi belgilangan.

2025 yil 9 dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 12 817 ta dori vositasi ro‘yxatdan o‘tgan va ularning barchasi elektron retsept asosida beriladi. Ro‘yxatda antibiotiklar, gormonal va psixotrop moddalardan tashqari analgin, diklofenak, askorbin kislotasi, etil spirti 70%, lidokain kabi ommabop dori vositalari ham bor.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, yangi tizim noqonuniy retseptlarni kamaytiradi, dori vositalarining ortiqcha qo‘llanilishini cheklaydi va farmatsevtika bozorining shaffofligini ta’minlaydi. Shuningdek, kontrabanda va noqonuniy preparatlarni aniqlash imkoniyatlari kengayadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda dorilar endi faqat "elektron retsept" bilan