“Yaxshi serial ishlab, telekanalga olib borsak, 18+ joyi bormi, deb so‘rashdi” — aktrisa Gulasal Rahmonova
“O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrining yetakchi aktyor va aktrisalari ishtirok etib, zamonaviy kino va seriallar borasida o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan, aktrisa Gulasal Rahmonovaning fikrlari keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
— Bir jurnalist yuqori darajada turgan bir nechta san’atkorlarimizga “Kiyim-kechagingiz va kunlik xarajatlaringizga qancha mablag‘ sarflaysiz?” deb savol berdi. Ular besh yuz, ming, ikki-uch ming dollar sarflashlari haqida gapirib berishyapti. Ey, baraka topgur jurnalist, shu savolni berishga sening vijdoning qiynalmayaptimi? O‘sha san’atkorlarimiz ham xafa bo‘lishmasin, poyabzalim ikki ming, atirim 5-6 ming AQSH dollari turadi, deyishga ularning ham vijdoni qiynalmadimi? Bizning oddiy xalqimiz san’atkorlarga havas qilyapti. Ayrim yoshlar ularga ergashib, uch yuz yoki besh ming dollarga “duxi” olaman deb nimalar qilishyapti? Qanday qilib pul topyapti? O‘sha san’atkor “Siz menga san’at haqida savol bering”, demasdan kiyim-kechaklarining narxini aytishga uyalishmayaptimi? Yoki o‘sha jurnalist “Qaysi qo‘shig‘ingiz bilan tarixda qolmoqchisiz, nimalarni targ‘ib qilmoqchisiz?” deb savol bersa bo‘ladimi? Saviya qayerga qarab ketyapti?
Serillarimiz ham san’atimizdagi eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri. Soni va sanog‘i bo‘lsa-bo‘lar qabilida ish tutishyapti. Ijodkorlarga uning sifati emas, soni bo‘lsa bo‘ldi. Har bitta telekanalning rahbariyatiga murojaat qilmoqchiman. “Seriallarning sifatiga kim javob beradi?” Achinarlisi, oilaviy, qaynota-qaynona bilan tomosha qilib bo‘lmaydigan seriallarni yoshlarimiz ko‘rishyapti. Hamma rejissyorlar shunday serial olishadi, deyishdan yiroqman. Yaxshi ijod qilayotganlari ham bor. Ammo achinarlisi — ularga yo‘l yo‘q. O‘n besh qismdan iborat serial suratga oldik. Ijod qilgimiz keldi, unda do‘stlik misolida chin qahramonlikni ko‘rsatishni istagandik. Ko‘plab ustozlarimiz suratga tushgan serialdan umidimiz katta edi. Ammo uni telekanallarga olib borganimizda “Orasida 18+ bormi?” deb so‘rashyapti. Baraka topgur, shunday sahnasi bo‘lgan serialni farzandingga ko‘rsatolasanmi, deb savol bersangiz. Aslida ko‘rsatishmaydi, lekin uni xalqqa namoyish etishyapti. Xalq sening farzanding emasmi?
Yangi yil arafasida har bir telekanallar bayram dasturlarini namoyish etishdi. Umrida biror marta qo‘shiq kuylamagan blogerlar sahnaga chiqishdi. Xafa bo‘lishmasin-u, ular hatto “a” deyishni bilishmaydi. Biz nima qilib yuribmiz, agar qo‘shiq aytish va sahnaga chiqishni blogerlarga topshirib qo‘ysak, kunimiz faqat ularga qoldimi?
Yaqinda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan bo‘lgan yig‘ilishda “Million” yoki boshqa jamoalarga taqiq qo‘yolmasligimiz haqida gap-so‘zlar bo‘ldi. Vazir “Tanqid qilinayotgan jamoalardan katta san’atkorlarning o‘zi konsertiga taklifnoma so‘rayapti. Mana bizning fojiamiz qayerda?” degan gaplarni aytib o‘tdi. Tanqidlar bo‘lyapti, uchrashuv va majlislar o‘tkazilyapti. Ammo ularning bari qog‘ozdagi hisobotlarda qolib ketyapti. Nega bu gaplar amalga ko‘chmayapti, uning natijasini kim qilishi kerak?
Teatrlarda yaxshi spektakllar qo‘yilyapti, agar nomaqbul biror sahna bo‘lsa, tezda ogohlantirish bo‘ladi. Nega tegishli tashkilotlar o‘sha jamoalar, seriallar yoki blogerlarga qarshi biror chora ko‘risholmayapti? Mana shu haqida ham o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimi? — deydi aktrisa Gulasal Rahmonova.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring