Nega aynan Kubayeva? Aktrisa Dilnoza Kubayeva familiyasi haqidagi sirni ochdi

Aktrisa Dilnoza Kubayevaning familiyasi nega aynan "Kubayeva" ekanini bilarmidingiz? Ma’lum bo‘lishicha, uning familiyasi aslida boshqa bo‘lishi kerak edi.
Aktrisa intervyularidan birida bu savolga javob berib, familiyasi bobosining niyati va o‘sha davrdagi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni bilan bog‘liqligini aytib bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari farzandlarga ota-onaning orzu-umidi bilan bog‘liq ismlar qo‘yish odati bo‘lgan. Masalan, farzandi omon qolishini istaganlar 'Tursin", o‘g‘il farzand tilaganlar esa "O‘g‘loy" kabi ismlarni tanlashgan. Dilnoza Kubayeva ham o‘z familiyasi tarixini ana shu an’ana bilan izohlaydi. Aktrisaning aytishicha, bobosining ko‘plab aka-uka va opa-singillari tug‘ilganidan keyin yashab qolmagan. Shu bois bobosi farzandlari ko‘paysin, avlodi davom etsin, degan niyatda "Ko‘paysin" ismini tanlagan.
Biroq tug‘ilganlik haqidagi hujjat rasmiylashtirilayotganda ism "Kubay" tarzida yozib qo‘yilgan. Shu sababli aktrisaning familiyasi ham "Kubayeva" bo‘lib qolgan. Aslida esa u "Ko‘paysinova Dilnoza" bo‘lishi kerak edi.
Shu tariqa, ko‘pchilikni qiziqtiradigan "Nega aynan Kubayeva?" degan savolning javobi aktrisaning oilaviy tarixi va bobosining ezgu niyatiga borib taqaladi.































Izohlar 0
…