Sa’dulla Fathullayev sahnani tark etishini ma’lum qildi: “Bu oxirgi chiqishim”

“Dizayn” jamoasi a’zosi Sa’dulla Fathullayev “Markazda gaplashamiz” ko‘rsatuviga bergan intervyusida muxlislarini hayratda qoldiradigan bayonot berdi. Ijodkor bu yilgi konsert uning sahnadagi so‘nggi chiqishi bo‘lishini ma’lum qildi.
Suhbat davomida jurnalist undan “Dizayn” jamoasida bu yil konsert berish yoki bermaslik borasida fikrlar bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘radi.
“Albatta, albatta, bo‘ldi. Birinchilardan bo‘lib men konsert qo‘ymaylik, degan fikrni bildirdim. Lekin bolalar konsert beramiz, degan qarorga kelishdi. Men, albatta, ularning qarorini hurmat qildim”, — dedi Sa’dulla Fathullayev.
Shundan so‘ng jurnalist ijodkordan muxlislariga qanday murojaat qilmoqchi ekanini so‘radi. Fathullayev esa bu savolga javoban sahnadagi faoliyati bilan bog‘liq muhim gapni aytdi.
“Sog‘ bo‘linglar, salomat bo‘linglar. Bu mening sahnaga oxirgi marta chiqishim, shuni bilinglar”, — dedi u.
Jurnalist uning bu gapi faqat “Dizayn” jamoasi bilan chiqishlariga taalluqlimi yoki umuman sahnaga chiqishni nazarda tutayotganini aniqlashtirdi. Sa’dulla Fathullayev esa “Umumiy chiqishim”, deya javob berdi.
Ijodkorning ushbu bayonoti uning muxlislari uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.






























Izohlar 0
…