Raqobat qo‘mitasi bir qator san’atkorlar konsertlari reklamasida qoidabuzarliklarni aniqladi

O‘zbekistonda Lolita, Ani Lorak, Rayhon G‘aniyeva, Izzat Shukurov, «Ummon» guruhi va boshqa san’atkorlar konsertlarining reklamasida qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlandi. Xususan, 27 ta e’londa konsertning jonli ijroda yoki fonogrammadan foydalangan holda o‘tkazilishi haqida ma’lumot berilmagan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita Instagram sahifalari va tashqi reklama obyektlarida joylashtirilgan konsert e’lonlarini o‘rgangan. Natijada Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, «Ummon» guruhi, Rayhon G‘aniyeva va G‘aybulla Tursunov konsertlarining Instagram'dagi reklamalarida ijro shakli ko‘rsatilmagani aniqlangan.
Qo‘mita tegishli reklama beruvchilarga e’lonlarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan ogohlantirishlar yuborgan.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 apreldagi 207-son qaroriga muvofiq, konsert-tomosha tadbirlari reklamasida ijro shakli aniq ko‘rsatilishi kerak. Bunda «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» degan belgilardan foydalanish lozim.
«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 44-moddasiga ko‘ra, konsertda fonogrammadan foydalanilsa, reklamada uning qay darajada ishlatilishi haqida axborot berilishi shart. Tashqi reklamada ushbu ma’lumot umumiy reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi kerak. Bundan tashqari, tashkilotchilar tomosha boshlanishidan oldin fonogrammadan foydalanish darajasi haqida audio-xabar berilishini ta’minlashi lozim.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda ham konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish haqida tomoshabinlarga ma’lumot berish talabi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va konsert tashkilotchilarini e’lonlarda ijro shaklini aniq ko‘rsatishga hamda qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqirdi. Qoidabuzarliklar davom etsa, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…