Kim U Bin saraton bilan kurashganida sevgilisi uni tark etmadi: juftlik 10 yildan so‘ng turmush qurdi

"Vorislar” (The Heirs) serialidagi roli bilan mashhur bo‘lgan janubiy koreyalik aktyor Kim U Bin va aktrisa Shin Min Aning sevgi tarixi ko‘pchilikni hayratga soladi. Ularning munosabatlari nafaqat muhabbat, balki og‘ir sinovlarni birgalikda yengib o‘tishning ham yorqin namunasiga aylandi.
Juftlik 2014 yilda kiyim brendi reklamasini suratga olish jarayonida tanishgan. 2015 yilda esa ular o‘rtasidagi munosabatlar rasman tasdiqlangan. Biroq oradan ikki yil o‘tib, aktyorning hayotida og‘ir davr boshlandi.
2017 yilda Kim U Binga burun-halqum saratoni tashxisi qo‘yildi. Aktyor davolanish uchun ijodiy faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Aynan shu sinovli kunlarda Shin Min A sevgilisini yolg‘iz qoldirmadi. Aktrisa uning davolanish jarayonini yaxshi o‘tkazishi uchun qo‘lidan kelganicha yordam berishini ma’lum qildi.

Kim U Bin davolanishni yakunlab, 2022 yilda katta ekranlarga qaytdi. Shu tariqa, juftlikning yillar davomida davom etgan munosabatlari hamda qiyinchiliklarni birga yengib o‘tgani muxlislar e’tiborini tortdi.
2025 yil 20 dekabr kuni esa Kim U Bin va Shin Min A o‘n yillik munosabatlaridan so‘ng turmush qurdi. Ularning to‘yi Seul shahrida yaqinlari ishtirokida yopiq marosim tarzida o‘tkazildi.
Bugun bu juftlik nafaqat ijodiy faoliyati, balki bir-biriga bo‘lgan sadoqati bilan ham ko‘plab muxlislarning mehrini qozongan.































Izohlar 0
…