Gollivud yulduzi Jim Kerri o‘zidan 32 yosh kichik rassom ayol bilan turmush qurdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Gollivud aktyori Jim Kerri 64 yoshida o‘zidan 32 yosh kichik rassom va aktrisa Min Xa bilan turmush qurdi.
- Juftlikning nikoh to‘yi Los-Anjelesda yaqinlar davrasida bo‘lib o‘tdi.
- Bu Jim Kerrining uchinchi rasmiy nikohi bo‘ldi.
- Aktyor va Min Xa munosabatlarini uzoq vaqt omma e’tiboridan chetda saqlashgan.
Gollivudning mashhur aktyori Jim Kerri 64 yoshida yana bir bor oila qurdi. Aktyor bir necha yildan buyon munosabatda bo‘lib kelgan, o‘zidan 32 yosh kichik rassom va aktrisa Min Xa, ya’ni Minzi bilan Los-Anjelesda nikohdan o‘tdi. Marosim juda tor doirada, yaqin qarindoshlar va do‘stlar ishtirokida tashkil etilgan. Kerri vakilining ma’lumotini People nashri 30 sentyabr kuni tasdiqlagan.
Juftlik munosabatlarini uzoq vaqt omma e’tiboridan chetda saqlab kelgan. Ular birga ilk bor 2022 yil fevral oyida Los-Anjelesda Jadd Apatouning xayriya tadbirida ko‘ringan. Shundan keyin ham Kerri va Min Xa shaxsiy hayotlarini keng jamoatchilik muhokamasidan asrashga harakat qilgan.
Ularning munosabati rasman ommaga shu yil fevral oyida Parijda o‘tkazilgan “Sezar” mukofotini topshirish marosimida ma’lum bo‘lgan. Kerri kino sanoatidagi ko‘p yillik faoliyati uchun faxriy mukofot bilan taqdirlangan. Ushbu tadbirda aktyorning yonida 39 yoshli qizi Jeyn Erin Kerri va 16 yoshli nabirasi Jekson ham bo‘lgan.

Kerri taqdirlash marosimidagi nutqida oila a’zolariga minnatdorlik bildirish bilan birga, Min Xani ham alohida tilga olgan. U bo‘lajak rafiqasini o‘zining yaqin hamrohi sifatida ta’riflab, unga mehrini ochiq bildirgan. Aktyor, shuningdek, qizi Jeyn va nabirasi Jeksonga, otasi Persi Jozef Kerriga ham minnatdorchilik izhor qilgan.
Jim Kerrining shaxsiy hayoti avval ham ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Uning yagona qizi Jeyn birinchi turmush o‘rtog‘i Melissa Uomer bilan nikohidan tug‘ilgan. Kerri va Uomerning nikohi 1987 yildan 1995 yilgacha davom etgan.
1996 yilda aktyor “Ahmoqdan ahmoqroq” filmidagi hamkori Loren Holli bilan turmush qurgan. Biroq bu nikoh uzoq davom etmagan va juftlik 1997 yilda ajrashgan. Shu tariqa, Min Xa bilan nikoh Kerrining uchinchi rasmiy turmushi bo‘ldi.
Shundan keyin aktyorning shaxsiy hayotida bir qator mashhur ayollar bilan munosabatlar kuzatilgan. Ular orasida aktrisa Rene Zellveger, shifokor Tiffani Silver, model Anin Bing, aktrisa Jenuari Jons va fotomodel Jenni Makkarti bor. Kerri 2005–2010 yillarda Jenni Makkarti bilan munosabatda bo‘lgan.
Aktyorning vizajist Katriona Uayt bilan munosabatlari ham matbuotda keng muhokama qilingan. Ular 2012 yilda bir necha oy uchrashgan, keyin esa 2015 yil mayidan sentyabrigacha yana munosabatlarini davom ettirgan. Uayt 2015 yilda vafot etgan, uning o‘limi yuzasidan Kerriga nisbatan turli ayblovlar ham ilgari surilgan. Keyinchalik bu masala sud jarayoniga ham borib yetgan va ish 2018 yilda rad etilgan.

2019 yilda Kerri “Kidding” seriali suratga olish jarayonida tanishgan aktrisa Jinger Gonsaga bilan munosabatini ommaga oshkor qilgan. Biroq bu munosabat ham uzoq davom etmagan.
Shu bilan birga, Kerri avvalgi intervyularidan birida kelajakda yana turmush qurish niyati yo‘qligini bildirgan edi. Biroq oradan vaqt o‘tib, Min Xa bilan munosabati uning bu qarashini o‘zgartirgani ko‘rinib turibdi.
Jim Kerri va Min Xa esa hozircha oilaviy hayotlarini omma e’tiboridan uzoqroq saqlashda davom etmoqda. To‘y marosimining aniq joyi va mehmonlar ro‘yxati kabi tafsilotlar oshkor qilinmagan.






























Izohlar 0
…