Jaloliddin Ahmadaliyev “Qo‘qonlik” konsertida boshlovchisiz qo‘shiq kuylab muxlislarini hayron qoldirdi

Taniqli estrada xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyev 28–31 may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Qo‘qonlik” nomli navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. To‘rt kun davom etgan konsert muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
San’atkor bu gal ham o‘z an’anasiga sodiq qolib, asosiy e’tiborni jonli ijroga qaratdi. Dastur davomida Jaloliddin Ahmadaliyev jami 37 ta taronani ijro etdi. Ularning aksariyati muxlislar orasida mashhur bo‘lgan xit qo‘shiqlar bo‘lsa, ayrimlari ilk bor taqdim etildi.
Konsertning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, dasturda boshlovchi ham, duet chiqishlar ham bo‘lmadi. Salkam uch soat davomida xonanda sahnada yolg‘iz ijro qildi. Faqatgina libos almashtirish vaqtlarida uning shogirdlari tomoshabinlar uchun chiqishlar namoyish etdi.
“Bu yil konsertda boshlovchi yo‘q. Boshidan oxirigacha faqat o‘zim qo‘shiq aytyapman. Charchab qolmasligim uchun dasturni to‘rt kun qildik. Repertuar shakllantirish jarayonida juda qiynaldik. Qo‘shiqlarimning ko‘pini xalqimiz sevib tinglagani sababli jami 37 ta tarona ijro etishimga to‘g‘ri keldi”, — dedi Jaloliddin Ahmadaliyev.





























Izohlar 0
…