Nyu-Dehlidagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarosi ham halok bo‘ldi

Nyu-Dehlidagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarosi ham halok bo‘ldi

Hindiston poytaxti Nyu-Dehlining janubiy qismida joylashgan mehmonxonada yuz bergan yirik yong‘in oqibatida kamida 13 nafar xorijiy davlat fuqarosi halok bo‘ldi. Ular orasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi ham borligi ma’lum qilindi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Randxir Jaysval TASS agentligiga ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida Mozambikdan 1 nafar, Nigeriyadan 4 nafar, Qirg‘izistondan 3 nafar, O‘zbekistondan 1 nafar, Bangladeshdan 1 nafar, Liberiyadan 1 nafar, Kongodan 1 nafar va Iroqdan 1 nafar fuqaro bo‘lgan.

Shuningdek, 20 nafardan ziyod xorijlik tan jarohati olgan. Hindiston hukumati tegishli elchixonalar bilan hamkorlik olib borayotgani, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani va zarur hujjatlar rasmiylashtirilayotganini bildirgan.

Avvalroq mahalliy OAV qurbonlar soni 18 nafar xorijlikka yetishi mumkinligini xabar qilgan edi.

Yong‘in 3 iyun kuni ertalab mehmonxonada boshlangan. Hodisa oqibatida jami 21 kishi halok bo‘lgan, 47 nafar inson qutqarib qolingan. Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda, mehmonxona egasi esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hibsga olingan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar