Biz bugun insoniyat taraqqiyotining keskin burilishlar ro‘y berayotgan tarixiy bosqichida yashamoqdamiz. Bu tarixiy haqiqat. Zero, keyingi yillarda Er yuzida keskin geosiyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, xalqaro miqyosda xavfsizlik va barqarorlik tizimi izdan chiqmoqda.
Globallashuv jarayonining tobora shiddatli tus olishi nafaqat insoniyat imkoniyatlarini kengaytirmoqda, balki ziddiyatlarning keskinlashuvi, rivojlangan va qoloq davlatlar o‘rtasidagi tafovutning o‘sishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida tinchlik va barqarorlikka raxna solayotgan, mohiyati va ko‘lamiga ko‘ra transmilliy xususiyatga ega turli xatti-harakatlar sodir etilmoqda.
Boshpanasiz qolib, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurgan odamlar og‘ir musibatlarni boshdan kechirmoqda, qurolli qarama-qarshiliklar va terrorizm oqibatida gunohsiz bolalar, keksalar, xotin-qizlar halok bo‘layotir. Oxiri ko‘rinmaydigan urushlar tufayli ko‘plab mamlakatlar vayronaga aylanmoqda. Uzoqqa bormaylik, Suriya, Iroq, Yaman va boshqa davlatlardagi terrorchilik xuruji, ichki nizo va ziddiyatlar millionlab insonlarning yostig‘ini quritdi, boshpanasidan judo qildi, shaharlarning kulini ko‘kka sovurdi.
Bunday sharoitda jahon hamjamiyatining tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish yo‘lida birlashishi, o‘zaro hamkorlikning ishonchli mexanizmlarini yaratishi davr talabiga aylandi. Dolzarb masalalar yuzasidan muloqot qilishi uchun o‘ziga xos maydon yaratishga xizmat qiladigan BMTning roli va mas’uliyati yanada ortmoqda.
Dunyoda murakkab jarayonlar kechayotgan bir sharoitda tinchlik va barqarorlikni saqlash dolzarb vazifalardan sanaladi. Ochiq aytish kerak, mamlakatimizda yangi saylangan Prezidentdan ko‘p narsani kutmoqdamiz. Xalqimiz davlatning islohotlarni boshqaruvchilik salohiyati saqlanib qolgani holda mamlakatning yanada gullab-yashnashi tarafdori. Ayniqsa, kichik va xususiy biznes yo‘lida yanada jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi yurt taraqqiyoti garovidir. Shu bois tadbirkorlik yo‘liga g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha uch oy mobaynida salmoqli amaliy qadamlar tashlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun imzolandi, valyuta bozorini erkinlashtirish masalasi muhokamada, tadbirkorlar uchun amnistiya e’lon qilindi. Qulay sarmoyaviy va biznes muhiti tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li va bundan keyingi tashqi siyosati ko‘plarni qiziqtirmoqda. Xorijdagi ayrim kaltabin siyosatchi va ekspertlar O‘zbekistonning tashqi siyosatda u yoki bu kuch markazlari tomon og‘ishini bashorat qilishmoqda. O‘zbekiston Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sentyabr oyidayoq, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida mamlakatimizning yaqin yillardagi tashqi siyosatini ma’lum qilgandi. Ya’ni barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorligimiz davom etadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi faol amalga oshiriladi.
Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, davlatimizning qat’iy siyosiy pozisiyasi bo‘lib qoladi.
Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz. Keyingi paytlarda chegaralar demarkasiyasi, havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro bordi-keldilarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish masalalarida muzokaralarning yo‘lga qo‘yilgani fikrimizning yaqol isbotidir.
Tashqi siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishi bu — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federasiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stona aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xavfsizlik sohasida O‘zbekistonning asosiy hamkori Rossiya bo‘lib qolaveradi. Kuni-kecha Moskvada imzolangan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma shundan dalolat beradi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish bizning tashqi siyosatimizda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston mintaqadagi yaqin qo‘shnimiz hamda global va mintaqaviy muammolarni echishda muhim rol o‘ynaydigan Xitoy Xalq Respublikasi bilan har tomonlama strategik xamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdordir. Iqtisodiyot, sarmoyalar jalb etish, yangi ishlab chiqarish korxonalarini yo‘lga qo‘yishda Xitoy muhim sherik hisoblanadi.
Osiyo va Tinch okeani mintaqasida O‘zbekiston Yaponiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiyot, investisiyalar, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga ustuvor darajada ahamiyat beradi.
O‘zbekiston uchun Evropaning etakchi davlatlari, avvalambor Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya, Markaziy va Sharqiy Evropa davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xullas, O‘zbekiston dunyo davlatlari bilan tengma-teng, o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish tarafdori. Mamlakatimiz, Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga ahd qilgan. O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan an’anaviy ravishda yaqin qo‘shnichilik va do‘stona siyosat olib boradi. Yaqin va O‘rta Sharq davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va keng qirrali munosabatlarni rivojlantirish, Lotin Amerikasi va Karib mintaqasi, Afrika qit’asining etakchi davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradi.
Demak, Markaziy Osiyoning eng yirik va nufuzli mamlakati sifatida O‘zbekiston bir mamlakat bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlagan holda ikkinchi davlat bilan aloqalarni unutadiganlar toifasiga kirmaydi. O‘zbekiston ko‘chib yurar “muz tog‘” emas.
Abduvali Saybnazarov “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar