Bernardo Silva Real Madrid bilan shartnoma imzoladi

Bernardo Silva faoliyatini Ispaniya poytaxtida davom ettiradigan boʻldi. Manchester Siti yulduzi Madridning Real Madrid klubi bilan kelishuvga erishdi. Maʼlumotlarga koʻra, tomonlar ikki yillik shartnoma borasida kelishib olishgan, shuningdek, uni yana bir yilga uzaytirish bandi ham kiritilgan. Ushbu transferda jamoaga qaytgan Joze Mourinyo asosiy rolni oʻynadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Fabrizio Romano bergan xabarga koʻra, muzokaralar juda tez fursatda yakunlangan. Klub, futbolchi va barcha tomonlar oʻrtasidagi kelishuv atigi 36 soat ichida hal boʻlgan. Manchester Siti bilan shartnomasi shu oy oxirida yakuniga yetadigan yarim himoyachi, "Etixad" stadionidagi muvaffaqiyatli yillardan soʻng faoliyatida yangi sahifa ochishga tayyor.
Yaqinda Santiago Bernabeu stadioniga ikkinchi bor murabbiy sifatida qaytgan Joze Mourinyo Bernardo Silva nomini transferlar roʻyxatida birinchi raqamli maqsad sifatida belgilagan edi. Romano oʻzining X sahifasida: "Bernardo Silva Real Madridga, HERE WE GO! Kelishuv yakunlandi va shartnoma tasdiqlandi. Mourinyo Bernardoni xohladi va futbolchi bunga rozi boʻldi", — deb yozdi.
Avvalroq Silva oʻz kelajagi borasidagi savollarga aniq javob bermay kelayotgan edi, ayniqsa Barselona bilan bogʻliq mish-mishlar fonida u ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan. Biroq Real Madrid ushbu poygada oʻzining azaliy raqiblari Barselona va Atletiko Madrid klublarini ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi.
Bernardo Silva Manchester Siti safida oʻtkazgan toʻqqiz yillik faoliyati davomida olti bor Angliya Premer-ligasi gʻolibi va Chempionlar ligasi kubogini qoʻlga kiritdi. U Angliya chempionatini 153 ta goldagi ishtiroki bilan eng nufuzli yarim himoyachilardan biri sifatida tark etmoqda.






























Izohlar 0
…