Olimlar 5000 yillik mumiyo mikroorganizmidan non yopdi

Olimlar 5000 yillik mumiyo mikroorganizmidan non yopdi

Olimlar 5000 yillik mumiyodan olingan achitqi yordamida tabiiy xamirturushli non tayyorladi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 1991 yilda Alp tog‘laridan topilgan mashhur Muz odam Etsi mumiyosi tadqiqotchilarni hanuz hayratga solishda davom etmoqda. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, besh ming yil avval yashagan inson to‘qimalarida hali ham tirik mikroorganizmlar, jumladan, sovuq haroratga chidamli noodatiy achitqilar saqlanib qolgan.

Eurac Research mutaxassislari Etsining terisi, ichki a’zolari va oshqozon qoldiqlaridan olingan namunalarni o‘rgangan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mumiyo tarkibida qadimgi ichak bakteriyalaridan tortib, juda past haroratda ham yashay oladigan achitqilargacha bo‘lgan murakkab mikroorganizmlar jamoasi saqlangan.

Olimlarni ayniqsa ushbu achitqilar katta qiziqish uyg‘otgan. Ular laboratoriya sharoitida mikroorganizmlarni o‘stirib, asta-sekin ularni unli muhitga moslashtirishga erishgan. Bir necha oy davom etgan tajribalardan so‘ng, ushbu mikroorganizmlar oddiy non achitqisi kabi faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Natijada tadqiqotchilar xamir tayyorlab, taxminan 5300 yillik tarixga ega bo‘lgan mumiyodan olingan achitqi yordamida haqiqiy non yopishgan. Tadqiqot rahbari Muhammad Sarhanning aytishicha, xamir taxminan bir sutka ichida ko‘pchib chiqqan va pishirish uchun to‘liq yaroqli bo‘lgan.

Olimlar bu bilan to‘xtab qolishmoqchi emas. Hozirda ular qadimiy achitqilardan pivo va boshqa achitilgan mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar