O‘zbekiston Hindistondan tirik hayvonlar importini to‘xtatdi

O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat veterinariya inspektori qaroriga asosan, 2026 yil 29 yanvardan e’tiboran Hindiston Respublikasidan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirish vaqtincha cheklandi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qaror Nipah virusining mamlakat hududiga kirib kelish xavfini oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, Hindistonning barcha hududlaridan tirik hayvonlar hamda qushlarni import qilishga vaqtincha taqiq joriy etildi. Shu bilan birga, Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtati hududidan davlat veterinariya xizmati nazoratiga kiruvchi barcha turdagi mahsulotlarni olib kirish ham vaqtincha to‘xtatildi.
Hujjatda qayd etilishicha, Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish tashkiloti (WOAH) va ochiq manbalarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipah virusi tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan.
Mas’ul idoralar bildirishicha, mazkur cheklov choralari mamlakatda epizootik barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, aholi salomatligini himoya qilishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!