Toshkent metrosida 2030 yilgacha yana 29 ta bekat quriladi

Toshkent metropoliteni tarmog‘ini 2030 yilgacha kengaytirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, poytaxtda yana 29 ta yangi metro bekati qurilib, ularning umumiy soni 50 tadan 79 taga yetkaziladi.
Bu haqda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Toshkent metropoliteni» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda Toshkent metrosining umumiy uzunligi 71 kilometrni tashkil etadi. Yangi bekatlar va liniyalar qurilishi hisobiga bu ko‘rsatkich 103 kilometrga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2030 yilga borib metro xizmatidan kuniga 1,8 million yo‘lovchi foydalanishi kutilmoqda. Hozirda bu ko‘rsatkich 1,2 million nafardan oshgan. Yo‘lovchilar oqimi ortib borayotgani sababli poyezdlar qatnovi oralig‘ini 2–3 daqiqagacha qisqartirish ham rejalashtirilgan.
Metropoliten ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda metro kuniga o‘rtacha 280–300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. So‘nggi yillarda yangi bekatlar ochilishi va yo‘nalishlar kengayishi natijasida yo‘lovchilar soni sezilarli darajada oshgan.
Bundan tashqari, 2027 yilda metro uchun yana 14 ta zamonaviy, besh vagonli poyezd tarkibini xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu ham yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.






























Izohlar 0
…