00:06 / 11.07.2023
320

Superligamizni "yondirayotgan" alban yigiti haqida nimalarni bilasiz?

Superligamizni "yondirayotgan" alban yigiti haqida nimalarni bilasiz?

Rubin Xebay! Bungacha bu nomni agar mubolag‘a bo‘lmasa yurtimizda aytarli hech kim bilmasdi-a? Joriy mavsum oldidan u “Andijon” safida paydo bo‘ldiyu, qisqa fursat ichida barchaning yodida saqlanib qoldi. Birinchi davradan keyin Superligani “yondirayotgan” ushbu legioner haqida muxlislar yanada ko‘proq qiziqib qoldilar. Chunki "Andijon"ning ushbu transferi Superliga klublari orasidagi eng yaxshi transferlardan biri bo‘lib turibdi.

Bilasizmi, Rubin “Andijon”da 7-turgacha gol urgani yo‘q (bunga uning “Surxon”ga qarshi bahsda qizil kartochka olib 2 ta o‘yinni o‘tkazib yuborgani ham sabab). Aynan o‘sha 7-turda “Metallurg” darvozasiga 3 ta gol urdi va shundan beri Xebayni to‘xtatish raqiblar uchun imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Kubokdagi o‘yin bilan qo‘shib hisoblaganda u ketma-ket 8 ta uchrashuvdan beri gol urib kelyapti. Hammasi bo‘lib hisobida 11 ta gol bor va 9 tasi Superligada kiritilgan va yana 2 ta assist ham. To‘purar hujumchi Dragan Cheranga yetib olgan holda birinchi davradan so‘ng qo‘shhokimlikni o‘rnatdi.

Rubinga “sovchi”lar ko‘paygani rost. Axir tinmay gol urib turadigan, potensiali har tomonlama yuqori bo‘lgan 99-raqamli hujumchini kim ham “otkaz” qilardi?! Bunday hujumchi hammaga kerak. “Andijon” esa uni qishda Turkiyaning Antaliya shahridagi yig‘inda o‘z safiga qo‘shib olgandi. O‘shanda klub rahbariyati u bilan ikki yillik shartnoma imzolagani tahsinga loyiq.

Darvoqe, o‘shanda Rossiyaning “Alaniya” klubi ham unga jiddiy qiziqqandi, ammo futbolchi bu taklifni qabul qilmagan. “Andijon” rahbariyatiga esa ushbu legionerni Turkiyaning “Antalyaspor” klubi mutasaddilari tavsiya qilgan. Chunki o‘shanda ikkala klub o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishishgan va shuning samarasi o‘laroq, Xebay varianti paydo bo‘lgan. Shu o‘rinda hamma jiddiy qiziqib qolgan Xebay haqida siz bilmagan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishga harakat qilamiz.

Rubin 1998 yilning 30 iyul kuni Albaniyadagi Vraka nomli qichik qishloqda tug‘ilgan. Bu Shkodra shahriga yaqin. Maqolamiz qahramonining bolaligi o‘sha qishloqda o‘tgan. Vaqtlar o‘tib u turk kollejiga o‘qishga kirgan. O‘zi esa futbol o‘ynashni 8 yoshidan boshlagan. Aytish kerakki, Rubinda futbolga bo‘lgan qiziqish tasodifan paydo bo‘lib qolmagan. Chunki uning bobosi va otasi ham futbol bilan shug‘ullanishgan. Hammasini kichkina bir jamoadan boshlagan va keyinchalik “Vlazniya” nomli klubga ko‘chib o‘tgan. Xebay o‘sha yerda 16 yoshidan professional faoliyatini boshlagan. 18 yoshida esa ilk professional shartnomaga imzo chekkan.

Endi Rubinning oilasi haqida. Bobosi va buvisining ismlari – Reksxep va Fatime. Ota-onasining ismlari Ridvan va Esmerina. Rubining Raul ismli ukasi ham bor. E’tiborlisi, Rubin Xebay va uning oilasi Islom diniga e’tiqod qiladilar. Albaniyaning 60 foiz aholisi musulmon hisoblanadi.

Bilasizmi, Xebay bungacha Transfermarkt portali tomonidan 350 ming yevroga baholanayotgandi, “Andijon”dagi sermahsul natijalaridan so‘ng uning narxi 450 ming yevroga ko‘tarilgan. Shu o‘rinda “Andijon” hujumchisi faoliyati qanday boshlangani va nimalarni yutgani haqida gapirdi:

“Men “Vlazniya”da boshladim. Keyin Sloveniyaning “Domjale” klubida davom ettirdim. Keyin u yerdan “Partizan” klubiga o‘tdim. 20 yoshligimda Albaniya chempioni bo‘ldim. Shundan so‘ng Ukrainaning “Vorskla” jamoasida o‘ynadim. O‘sha yerda “Shaxtyor”, Dinamo” Kiyev va yana boshqa yaxshi klublarga qarshi to‘p surdim. So‘ngra yana Albaniyaga qaytdim va “Teuta”da faoliyatimni davom ettirdim. Ushbu klubda Kubok va Superkubokni yutishga muvaffaq bo‘ldim. Keyinchalik Makedoniya chempionatiga – “Shkendiya”ga yo‘l oldim. U yerda ham chempion bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Bu mavsumlar juda ham ajoyib bo‘lgan. Yarim mavsumdan ikkita boshqa klublarda o‘ynaganman. Shuning uchun “Teuta” va “Shkendiya”da boshqacha bo‘lgan. Ya’ni, ikkala mamlakatda ham chempionlikka erishganman. Keyinchalik men yana “Teuta”ga qaytdi va 16 ta gol urdim. Shundan keyin “Andijon” bilan shartnoma imzoladim”, - deydi Xebay.

Shuningdek, Superligamizning bugungi kundagi to‘purari xobbisi va yoqtirgan futbolchisi xususida ham to‘xtalib o‘tdi:

“Sayohat qilishni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, ta’til paytimda o‘zimni juda qulay his qiladigan maskanlarga borib, oilam, do‘stlarim va men uchun sevimli bo‘lgan insonlar bilan xordiq chiqarishni xush ko‘raman.

Men uchun barcha davrlardagi eng yoqtirgan futbolchim bu – Krishtianu Ronaldu.  Lekin afsonaviy hujumchilar sifatida Zlatan Ibragimovich va Karim Benzemaga ham hurmatim cheksiz. Ulardan doim o‘zim uchun o‘rnak olib kelaman”, - deya fikr bildirdi, alban yigiti.

Shunday qilib, Rubinning O‘zbekiston chempionatidagi faoliyati juda yorqin va samarali tarzda davom etyapti. Rosti, uning potensiali yuqori ekaniga boshida ko‘pchilik ishonmagan bo‘lsa ham kerak. O‘zi esa yurtimiz futbolida iz qoldirishni boshladi.

“To‘g‘risi, O‘zbekiston haqida ko‘p narsani bilmasdim. Lekin bu yerga kelganimdan keyin juda ta’sirlandim va ijobiy ma’noda hayron qoldirdi. Hozir o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Men avvaldan o‘zimni Osiyoda sinab ko‘rishimni xohlardim. Axir nega endi faoliyatimda yana bir yaxshi qadamni tashlashim kerak emasdi?! Shuning uchun buni doim xohlaganman”, - deydi futbolchi.

Albaniya matbuotida Xebay haqida oldin ham, hozir ham doim yozib turishadi. Chunki Rubin Albaniyaning U-17, U-19 va U-21 terma jamoalarida o‘ynagan. Ikki yildan beri esa u gol urish borasidagi samaradorligini oshirib kelmoqda. Endi esa hamma uning Albaniya milliy terma jamoasidan chaqiruv olishini kutmoqda va shu jumladan Xebayning o‘zi ham.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligamizni "yondirayotgan" alban yigiti haqida nimalarni bilasiz?
ePN