date

1979 yildagi fojia: "Paxtakor"ni osmonda yo‘qotgan qulfatli kun

1979 yildagi fojia: "Paxtakor"ni osmonda yo‘qotgan qulfatli kun

O‘zbek futbol tarixida abadiy iz qoldirgan, qalblarda chuqur alam va sog‘inch uyg‘otgan kun — bu 1979 yilning 11 avgusti. Bu sana milliy futbol jamoatchiligi xotirasida qora harflar bilan yozib qo‘yilgan.

O‘sha daqiqalarda butun mamlakat sport muxlislari uchun tasavvur etib bo‘lmas dard yuz berdi. Toshkent vaqti bilan soat 13 dan 35 daqiqa 38 soniya o‘tganda Toshkent–Gurev–Donetsk–Minsk yo‘nalishidagi TU-134 samolyoti Chelyabinsk–Kishinyov reysini amalga oshirayotgan xuddi shu turdagi boshqa layner bilan havoda to‘qnashib ketdi. Bu halokat yerdan taxminan 8400 metr balandlikda sodir bo‘ldi va har ikki samolyot bortlaridagi 178 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi hayotdan ko‘z yumdi. Ular orasida o‘sha yillarda o‘zbek futboli sharafini yuksak pog‘onalarga ko‘targan “Paxtakor” klubining 17 nafar asosiy tarkib va murabbiylar shtabi vakillari ham bor edi.

Fojia haqida ilk ma’lumot havoda bo‘lgan AN-2 samolyoti ekipaji tomonidan yetkazilgan. Ular radioqalqon orqali shunday xabar uzatgan edi: “Kurilovka hududida havodan yerga qulayotgan samolyot qismlarini ko‘ryapmiz. Ehtimol, bu TU-134 parchalari bo‘lishi mumkin”.

Bu mudhish voqea nafaqat futbol maydonlarida, balki butun mamlakat sport hayotida katta bo‘shliq qoldirdi. Chunki “Paxtakor” o‘sha mavsumda ishonchli va kuchli o‘yinlar namoyish etib, turnir jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurash olib borayotgandi. Ko‘plab mutaxassislar jamoa yaqin yillarda Yevrokuboklar musobaqalarida ishtirok etishga qodir ekanini ta’kidlardi.

Halok bo‘lganlar orasida jamoaning barcha a’zolari, murabbiylar, shifokor va ma’murlar ham bor edi:

- Idgay Borisovich Tazetdinov (13.01.1933) – Murabbiy
- Vladimir Vasilevich Chumakov (08.12.1932) – Shifokor
- Mansur Inomjonovich Tolibjonov (04.04.1944) – Ma’mur
- Mixail Ivanovich An (19.11.1952) – Yarim himoyachi
- Vladimir Ivanovich Fyodorov (05.01.1956) – Hujumchi
- Olim Masoliyevich Ashirov (25.01.1955) – Himoyachi
- Ravil Rustamovich Agishev (14.03.1959) – Himoyachi
- Konstantin Aleksandrovich Bakanov (25.05.1954) – Yarim himoyachi
- Yuriy Timofeyevich Zagumennix (07.06.1947) – Himoyachi
- Aleksandr Ivanovich Korchyonov (04.05.1949) – Yarim himoyachi
- Nikolay Borisovich Kulikov (25.04.1953) – Himoyachi
- Vladimir Vasilevich Makarov (09.03.1947) – Yarim himoyachi
- Sergey Konstantinovich Pokatilov (20.12.1950) – Darvozabon
- Viktor Nikolayevich Churkin (25.01.1952) – Hujumchi
- Sirojiddin Ahmadovich Bozorov (10.08.1961) – Hujumchi
- Shuhrat Mo‘sinovich Eshbo‘tayev (08.02.1959) – Hujumchi
- Vladimir Valiyevich Sobirov (14.01.1958) – Hujumchi

Bugun orqada qolgan o‘ttiz besh yildan ortiq vaqtga qaramay, bu kun futbol ixlosmandlari, jamoa va ularni yaqindan taniydiganlar xotirasidan o‘chgani yo‘q. “Paxtakor”ning o‘sha tarkibi – nafaqat professional mahorat, balki yoshlar uchun o‘rnak bo‘lgan jasorat va birdamlik timsoli sifatida ham tarixda qolgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 1979 yildagi fojia: "Paxtakor"ni osmonda yo‘qotgan qulfatli kun