date

«Guliston» futbol klubi yangi maqsadlar bilan faoliyat boshlamoqda

«Guliston» futbol klubi yangi maqsadlar bilan faoliyat boshlamoqda

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan «Guliston» professional futbol klubini tashkil etish bo‘yicha ishlar jadal tarzda boshlab yuborildi. Yangi loyiha hudud futbolini yangi bosqichga olib chiqish, yosh iste’dodlarni kashf etish va raqobatbardosh jamoa shakllantirishni maqsad qilgan.

Ayni paytda klubning boshqaruv tizimi to‘liq shakllantirilib, murabbiylar shtabi aniq belgilab olindi. Jamoa 16-dekabrdan boshlab o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga kirishadi. Bu jarayon «Guliston»ning oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlar yo‘lidagi ilk jiddiy qadam sifatida baholanmoqda.

Klub prezidenti lavozimiga Ashurmatov Oybek Shodmonqulovich tayinlandi. Klub direktori sifatida esa o‘z vaqtida «Mash’al» va «Nasaf» jamoalari safida yorqin o‘yinlari bilan muxlislar e’tiborini qozongan, Osiyo Kubogi sohibi, tajribali futbolchi Jahongir Jiyamurodov faoliyat yuritadi. Ularning rahbarligida klubni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Jamoaning bosh murabbiyi etib O‘FA instruktori, bilim va tajribaga ega mutaxassis Abbos Ergashev tayinlandi. Hozirda jamoa tarkibini shakllantirish, istiqbolli futbolchilarni jalb etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Klub rahbariyati yaqin vaqt ichida «Guliston» hayotiga oid muhim yangiliklar bilan muxlislarni muntazam ravishda xabardor qilib borishini ma’lum qildi. Yangi tashkil etilayotgan «Guliston» professional futbol klubi hudud futboli rivoji yo‘lida yangi umidlar, katta rejalar va yuqori maqsadlarni o‘zida mujassam etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «Guliston» futbol klubi yangi maqsadlar bilan faoliyat boshlamoqda