Fabio Kannavaro mundial oldidan tayyorgarlik haqida gapirdi

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida matbuot anjumani boshlandi. Italiyalik mutaxassis Jahon chempionati oldidan terma jamoadagi tayyorgarlik jarayoni, futbolchilar tanlovi va asosiy maqsadlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kannavaroning ta’kidlashicha, milliy jamoa mundialga jiddiy yondashmoqda va hozirda tayyorgarlik jarayoni yuqori sur’atda davom etmoqda. Murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy holati, o‘yin amaliyoti va umumiy tayyorgarligini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
«Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga uchib ketishni intiqlik bilan kutyapmiz», — dedi Kannavaro.
Italiyalik mutaxassis milliy jamoaga futbolchilarni tanlash jarayoni haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, murabbiy etib tayinlanganidan keyin shtab a’zolari bilan birgalikda barcha nomzodlar kuzatib borilgan. Termaga chaqirilmagan futbolchilar esa hali o‘z o‘yini bilan murabbiylar ishonchini to‘liq qozona olmagan.
«Murabbiy etib tayinlanganimdan keyin murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha futbolchilarni kuzatib bordik. Kimdir milliy jamoaga chaqirilmagan bo‘lsa, demak u o‘z o‘yini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan», — deya ta’kidladi u.
Kannavaro futbolchilarni tanlashda yosh omiliga asosiy mezon sifatida qaramaganini ham ma’lum qildi. Uning fikricha, milliy jamoaga eng munosib, o‘zini ko‘rsata olgan va ayni paytda tayyor bo‘lgan futbolchilar jalb etilgan.
«Milliy jamoaga jalb etishda futbolchilarning yoshiga e’tibor bermadim. O‘zini ko‘rsatgan, munosib bo‘lgan futbolchilarni chaqirdim», — dedi murabbiy.
Shuningdek, Kannavaro o‘tgan hafta yig‘in boshlanganini va jamoa nazorat uchrashuvida ishtirok etganini qayd etdi. Hozirda asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini yaxshilashga qaratilgan.
«O‘tgan hafta yig‘inni boshladik va nazorat uchrashuvida ishtirok etdik. Hozir jamoaning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlayapmiz. Barcha futbolchilar bor kuchi bilan mehnat qilmoqda. Maqsad — jamoaning jismoniy tayyorgarligini yanada kuchaytirish», — dedi Kannavaro.
Mutaxassis O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga ham minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, milliy jamoaning tayyorgarligi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
«Assotsiatsiya rahbariyatiga alohida rahmat aytaman. Ular biz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Mundial oldidan Kannavaro jamoasida kayfiyat jiddiy: ortiqcha gap yo‘q, asosiy e’tibor mehnat, tayyorgarlik va maydonda o‘zini ko‘rsatishga qaratilgan. Endi hammasi futbolchilarning formasi, intizomi va katta sahnadagi sovuqqonligiga bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!