Boysunda ziplayn o‘rtasida fuqaro to‘xtab qoldi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan ziplayn attraksionidan foydalanish vaqtida noxush holat qayd etildi. Attraksionda uchayotgan fuqaro harakatning o‘rta qismida to‘xtab qolgan. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 27 iyun kuni soat 09:30 atrofida Boysun tumanidagi “Omonxona” mahallasi hududida joylashgan “Xonjiza Siti” MCHJ tasarrufidagi ziplaynda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur attraksion texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan sinov tariqasida foydalanishga uringan.
Qo‘mita ma’lumotida ta’kidlanishicha, attraksion belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, shuningdek, uni ekspluatatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan tegishli ruxsatnoma ham rasmiylashtirilmagan. Shunga qaramay, unda sinov uchishi amalga oshirilgan.
Dastlabki o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, dor yo‘lining po‘lat arqonlari texnik me’yorlar talab qilgan darajada tarang tortilmagan. Shuningdek, trassaning qiyalik burchagi ham belgilangan standartlarga mos kelmagan. Ana shu omillar tufayli fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.
Shundan so‘ng tashkilot xodimlari zudlik bilan vaziyatga aralashib, fuqaroni xavfsiz tarzda qisqa vaqt ichida attraksiondan tushirib olgan. Hodisa oqibatida hech qanday tan jarohati qayd etilmagan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish va tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar attraksionning texnik holati hamda amaldagi qonunchilik talablariga qay darajada rioya etilganini aniqlamoqda.
Qo‘mita eslatishicha, attraksionlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan va tegishli ruxsatnomalarsiz ekspluatatsiya qilish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday qoidabuzarlik uchun BHMning 200 baravarigacha, ya’ni 82 million 400 ming so‘mgacha jarima qo‘llanishi mumkin. Agar qoidabuzarlik oqibatida inson hayoti yoki sog‘lig‘iga og‘ir zarar yetsa, aybdorlarga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari ham qo‘llanadi.
Shu munosabat bilan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi fuqarolarni faqat tegishli ruxsatnomaga ega, xavfsizligi tasdiqlangan attraksionlardan foydalanishga chaqirdi. Shuningdek, shubhali yoki texnik nosoz deb hisoblangan attraksionlar haqida 71 203 02 39 ishonch telefoni orqali xabar berish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, bu ziplaynlar bilan bog‘liq ilk holat emas. Iyun oyi boshlarida Farg‘ona tumanidagi dam olish maskanida amaldagi texnik talablarga mutlaqo javob bermagan va insonlar hayoti uchun real xavf tug‘dirgan ikki ziplayn to‘liq demontaj qilingan edi. May oyida esa Toshkent viloyatining Angren shahrida hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarsiz noqonuniy faoliyat yuritgan ziplayn aniqlanib, u ham buzib tashlangan. O‘sha holatda ham attraksionda bir kishi harakat o‘rtasida to‘xtab qolgani qayd etilgan.






























Izohlar 0
…