Niderlandiyada ilk bor kichik bolaga hayotni tugatish amaliyoti qo‘llanildi

Niderlandiyada evtanaziya to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgarishlardan keyin 12 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan birinchi marta shifokor yordamida hayotni tugatish amaliyoti qo‘llanildi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Sofi Hermans parlamentga taqdim etgan yillik hisobotida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, o‘tgan yili davolab bo‘lmaydigan og‘ir kasallikka chalingan bolaga nisbatan ushbu jarayon amalga oshirilgan. Biroq uning yoshi va tashxisi haqidagi ma’lumotlar oshkor etilmagan. Endi mazkur ishda ishtirok etgan shifokorning harakatlari qonun doirasida bo‘lgan-bo‘lmagani prokuratura tomonidan o‘rganiladi.
Niderlandiya hukumati 2024 yilda 1 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan og‘ir kasal bolalar uchun evtanaziyaga ruxsat beruvchi qoidalarni tasdiqlagan edi. Qonunga ko‘ra, ushbu amaliyot faqat bemorning azoblari o‘ta og‘ir bo‘lganda va ahvolini yaxshilash imkoniyati mavjud bo‘lmagan holatlarda qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, shifokorlar qaror qabul qilishdan oldin bir nechta qat’iy talablarga amal qilishi shart. Ular bemorning holatini baholashi, barcha ma’lumotlarni taqdim etishi, boshqa davolash usullari mavjud emasligiga ishonch hosil qilishi hamda mustaqil shifokor xulosasini olishi kerak. 12 yoshga to‘lmagan bolalar uchun esa ota-onalarning roziligi majburiy hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qonun yiliga taxminan 5–10 nafar bolaga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Niderlandiya 2002 yilda dunyoda evtanaziyani qat’iy shartlar asosida qonuniylashtirgan birinchi davlatga aylangan edi. Belgiya esa 2014 yildan beri barcha yoshdagi bolalar uchun shifokor yordamida hayotni tugatish amaliyotiga ruxsat berib kelmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Niderlandiyada evtanaziya yoki shifokor yordamida hayotni tugatish bilan bog‘liq 10 341 ta holat qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 3,8 foizga oshgan.






























Izohlar 0
…