Abduqodir Husanovning ko‘z yoshlari terma jamoa bosib o‘tayotgan yo‘lni ko‘rsatdi

Portugaliyaga qarshi o‘yindan keyin Abduqodir Husanovning alamdan yig‘lab yuborganini ko‘pchilik ko‘rdi. Bu oddiy mag‘lubiyatdan keyingi hissiyot emasdi. U Yevropa futbolidagi talab, sur’at va bosimni terma jamoadagi ko‘p futbolchilardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Chunki o‘zi ham shu muhitda qiynalib, xato qilib, asta-sekin unga moslashdi.
O‘yin davomida uning himoyadan chiqib, oldinga o‘tib ketgan vaziyatlari ham bejiz emasdi. Husanov maydondagi farqni his qildi. Jamoa nimada ortda qolayotganini, raqib qaysi tezlikda harakatlanayotganini u boshqalardan oldinroq angladi.
Uning Angliya Premer-ligasidagi dastlabki davri ham oson kechmagan. «Chelsi»ga qarshi bahsda xatolar qildi, qattiq tanqid eshitdi. Lekin vaqt o‘tib, o‘sha qiyinchiliklar uni kuchliroq futbolchiga aylantirdi. Hozir Abduqodirning qanday darajaga chiqqanini ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston terma jamoasi ham hozir shunday bosqichda. Jamoa ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda va qur’a uni eng og‘ir guruhlardan biriga tashladi. Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘yinlar terma jamoa uchun katta sinov bo‘ldi. Natija og‘riqli, ammo bu darajadagi futbol aynan shunday xatolar, mag‘lubiyatlar va bosim orqali o‘rganiladi.
Abduqodir Yevropada kuchli raqiblarga qarshi o‘ynab, toblangan bo‘lsa, terma jamoa ham Jahon chempionatida shunday jarayondan o‘tmoqda. Bunday bahslar futbolchilarga tezroq qaror qabul qilish, bosim ostida harakatlanish va yuqori sur’atga moslashishni o‘rgatadi.
Shuning uchun hozir jamoani yerga urish yoki futbolchilar ustidan kulish vaqti emas. Ular qiyin o‘tish davrini boshdan kechiryapti. Abduqodir kabi ular ham xatolardan keyin oyoqqa turishi, kuchayishi va yangi darajaga chiqishi mumkin.
Bunday paytda terma jamoani qo‘llab-quvvatlash kerak. Chunki bu yo‘lning eng og‘ir qismi aynan hozir kechmoqda.































Izohlar 0
…