Buxoroda 17 yoshli yigit kanalda cho‘kib halok bo‘ldi

Buxoro viloyatining Kogon tumanida ayanchli hodisa yuz berdi. Kanalda cho‘milayotgan 17 yoshli fuqaro suvga cho‘kib, halok bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 27 iyun kuni soat 14:50 lar atrofida 112 qisqa raqami orqali Kogon tumanidagi «Sorg‘un» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi kanalda 2009 yilda tug‘ilgan fuqaro cho‘milayotgan vaqtda suvga cho‘kib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa kengligi 18–20 metr, chuqurligi esa 7–8 metrni tashkil etuvchi Shohrud kanalida sodir bo‘lgan.
Xabar kelib tushishi bilan Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari hamda mahalliy aholi ishtirokida qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Olib borilgan izlash ishlari natijasida fuqaroning jasadi 28 iyun kuni soat 16:40 larda topilib, suvdan olib chiqildi.
Hozirgi vaqtda ushbu hodisa yuzasidan tegishli idoralar tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqeaning barcha holatlarini aniqlash choralarini ko‘rmoqda.
Afsuski, yoz fasli boshlanganidan buyon suv havzalarida yuz berayotgan bunday baxtsiz hodisalar soni ortib bormoqda. Mutasaddi tashkilotlar fuqarolarni faqat ruxsat etilgan va xavfsiz deb belgilangan joylarda cho‘milishga, suv havzalarida ehtiyotkorlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.






























Izohlar 0
…