date

Kannavaro Masharipovning termadagi ahamiyatini alohida ta’kidladi

Milliy futbol markazida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Italiyalik mutaxassis OAV vakillari savollariga javob berar ekan, Jahon chempionati oldidan terma jamoadagi holat, jarohatlangan futbolchilar va Jaloliddin Masharipovning ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Kannavaroga Jaloliddin Masharipovning hozirgi holati va uning mundial uchun tarkibda bo‘lish ehtimoli haqida savol berildi. Murabbiy javobida ayrim jarohatlangan futbolchilarning ham jamoa bilan birga bo‘lishi muhim ekanini ta’kidladi.

Uning aytishicha, terma jamoa ixtiyorida futbolchilarning tiklanishi uchun barcha zarur sharoitlar bor. Jismoniy tayyorgarlik va tibbiy shtabda yuqori saviyali, katta musobaqalarni ko‘rgan malakali mutaxassislar ishlamoqda.

«Ba’zi jarohatlangan futbolchilarning ham biz bilan bo‘lishi men uchun juda ham muhim. Chunki hozirgi kunda ularning qayta tiklanishi uchun bizda barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Bizda juda ham malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda», — dedi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassis Jaloliddin Masharipov hozircha to‘liq tayyor emasligini ochiq aytdi. Biroq u futbolchining jamoa uchun ahamiyati juda katta ekanini yashirmadi. Kannavaroning fikricha, Masharipov faqat maydonda emas, balki kiyinish xonasidagi ichki muhit uchun ham muhim o‘yinchi hisoblanadi.

«To‘g‘ri, Jaloliddin Masharipov hozir 100% tayyor emas. Buni yashirmayman, lekin u juda ham muhim futbolchi. Uni jahon chempionatiga olib borish uchun men qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», — deya ta’kidladi murabbiy.

Kannavaro Masharipovning terma jamoadagi o‘rnini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jaloliddin shu vaqtgacha murabbiylar shtabiga o‘zining ijobiy jihatlarini ko‘rsata olgan va milliy jamoada bo‘lishga munosib futbolchi sanaladi.

«Chunki u jamoa uchun kiyinish xonasida ham, ya’ni ichki muhit uchun juda ham muhim futbolchi. Shu vaqtgacha Jaloliddin menga o‘zini ijobiy tomonlarini ko‘rsata oldi, u milliy jamoada bo‘lishga loyiq futbolchi», — dedi Kannavaro.

Shu bilan birga, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Murabbiylar shtabi Masharipovning holatini yig‘in yakuniga qadar kuzatib boradi va shundan keyin uni Jahon chempionatiga olib borish yoki bormaslik masalasida yakuniy xulosa chiqaradi.

Bu holat Masharipov uchun ham, terma jamoa muxlislari uchun ham muhim. Jaloliddin yillar davomida milliy jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lib kelgan. Uning tajribasi, maydonni ko‘ra olishi va jamoadoshlariga ta’siri katta musobaqada asqotishi mumkin.

Kannavaroning gaplaridan esa bir narsa aniq ko‘rindi: Masharipov hozir 100 foiz tayyor bo‘lmasa ham, u terma jamoa rejalarida bor. Endi hammasi uning tiklanish sur’ati, jismoniy holati va yig‘in oxiridagi tayyorgarligiga bog‘liq bo‘ladi. Jahon chempionati oldidan har bir tajribali futbolchi oltinga teng — ayniqsa, kiyinish xonasida ham jamoani birlashtira oladigan futbolchi bo‘lsa.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Kannavaro Masharipovning termadagi ahamiyatini alohida ta’kidladi