Elektr ta’minoti tizimida pora bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Elektr ta’minoti tizimida pora bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimi xodimlari bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Birinchi holat Sho‘rchi tumanida qayd etilgan. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslikni taklif qilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, u ishni sudga yubormaslik, yangi elektr hisoblagich o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilgan. Dastlab 200 dollar va 1 million 50 ming so‘m olgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ichki ishlar organlari va IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda muhandis qolgan 500 dollar va 2,4 million so‘mni olayotgan vaqtda ushlangan.

Ikkinchi holat Andijon viloyatining Baliqchi tumanida aniqlangan. Tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari xodimlarning oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon hududiy filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga u pul talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament hamkorligidagi tezkor tadbirda mansabdor shaxs elektr ta’minoti korxonasi xodimlari yig‘ib bergan 300 AQSH dollarini olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar