Husanov va Foden “Manchester Siti”ning kechagi g‘alabasida ajralib turdi

Angliya Premer-ligasining 31-turidan qoldirilgan uchrashuvida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Kristal Pelas”ni 3:0 hisobida mag‘lub etib, chempionlik poygasida yana bir muhim qadam tashladi. Xosep Gvardiola shogirdlari ushbu g‘alabadan so‘ng turnir jadvali peshqadami “Arsenal” bilan ochkolar farqini ikki ochkogacha qisqartirdi.
Uchrashuv oldidan “Kristal Pelas” oson raqib bo‘lmasligi taxmin qilingandi. Jamoa Konferensiyalar ligasi finalchisi sifatida ancha jiddiy kayfiyatda maydonga tushdi. Ammo “Manchester Siti” yana o‘z darajasini ko‘rsatdi: sovuqqonlik, to‘p nazorati, hujumda aniqlik va himoyada xotirjamlik.
Qizig‘i, “Siti” bu mavsumda 3:0 hisobini deyarli o‘z “firmaviy natijasi”ga aylantirib oldi. Manchesterliklar mavsum davomida raqiblarini to‘qqizinchi marta aynan shu hisobda mag‘lub etishdi. Bu jamoaning nafaqat gol urish, balki darvozasini daxlsiz saqlash borasida ham qanchalik barqaror ekanini ko‘rsatadi.
Mavsum oxiri yaqinlashgan sari “shaharliklar” ba’zan kuchni tejab o‘ynayotgandek ko‘rinadi. Ammo shu holatda ham ular natijani nazorat qilishni, kerakli pallada sur’atni oshirishni va raqibni jazolashni yaxshi biladi. “Kristal Pelas”ga qarshi bahsda ham bir nechta futbolchi alohida ajralib turdi.
Rayan Sherki
Fransiyalik futbolchi maydonda bor-yo‘g‘i 10 daqiqadan ortiqroq harakat qildi, ammo shu qisqa vaqt ichida o‘yinga katta ta’sir o‘tkazishga ulgurdi. Sherkining maydonga tushishi “Siti” hujumiga yangicha nafas olib kirdi.
U raqib nazoratidan oson chiqib ketdi, yakkakurashlarga dadil kirishdi va o‘z jarima maydoni yaqinida to‘pni olib qo‘yib, 60 metrga yaqin masofani yuqori tezlikda bosib o‘tdi. Keyin esa Savio uchun juda aniq, golga teng uzatmani amalga oshirdi. Bunday harakatni “futboldagi luks moment” desa ham bo‘ladi.
Savio
Braziliyalik Savio bu mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. U nafaqat hujumda faol bo‘ldi, balki o‘ng qanotda juda katta hajmda ish bajardi. Savio raqib himoyachilariga tinchlik bermadi, tezkor harakatlari va driblinglari bilan “Kristal Pelas” mudofaasini doimiy bosim ostida ushladi.
U yettita yakkakurashda g‘olib chiqdi, besh marta dribling orqali to‘pni oldinga olib o‘tdi. Ammo uning eng muhim jihati faqat hujumda emas, himoyaga qaytishda ham ko‘rindi. Savio iqtidorli Pinoni to‘xtatib turishda katta mehnat qildi va o‘yin oxirida Sherki boshlagan tezkor hujumni gol bilan yakunladi.
Abduqodir Husanov
O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ning himoya va tayanch hududidagi barqarorligida muhim rol o‘ynadi. Ushbu bahsda Husanov o‘zini juda ishonchli, xotirjam va taktik jihatdan puxta ko‘rsatdi.
Avvalroq ayrim psixologik bosimlar haqida gaplar bo‘lgan bo‘lsa, bu o‘yinda Husanov ularni ortda qoldirganini isbotladi. U oldindan harakat qilishda aniq qarorlar qabul qildi, raqib hujumlarini vaqtida o‘qidi va to‘p bilan muomalada juda sokin ko‘rindi.
Uning hisobida 2 ta to‘p olib qo‘yish, pressing paytida 2 ta samarali tozalash va 92 ta aniq uzatma bor. Bu raqamlar himoyachi uchun juda yuqori ko‘rsatkich. Husanov o‘yin davomida go‘yo tajribali pleymeykerdek to‘p tarqatdi va “Siti”ning orqa chiziqdan hujum boshlashida muhim halqaga aylandi.
Fil Foden
Fil Foden ham bu uchrashuvda o‘zining eng yaxshi sifatlarini eslatdi. So‘nggi vaqtlarda asosiy tarkibdagi o‘rni bo‘yicha turli savollar paydo bo‘lgandi, ammo “Kristal Pelas”ga qarshi bahsda u javobni maydonda berdi.
Fodenning tovon bilan bergan ajoyib uzatmasi raqibning zich himoyasini yorib tashladi. Keyin esa u Marmushga golli pas berib, “Siti”ning ustunligini yanada mustahkamladi. Fil yana bir assist bilan xet-trik darajasidagi natija qayd etishi ham mumkin edi, ammo Gvardiol uning chiroyli uzatmasidan foydalana olmadi.
Umuman olganda, Foden hisobida 5 ta keskinlashtiruvchi uzatma qayd etildi. Bu esa uning o‘yinni o‘qishi, bo‘sh hududlarni topishi va hujumda kreativlik yaratish qobiliyati hali ham yuqori darajada ekanini ko‘rsatdi.
Qisqasi, “Manchester Siti” navbatdagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi va chempionlik poygasida “Arsenal”ga yanada yaqinlashdi. Bu o‘yinda Sherki tezlik va ijodkorlik qo‘shdi, Savio mehnat va gol bilan ajralib turdi, Foden hujumni ochdi, Husanov esa orqa chiziqda xotirjamlik va ishonch ramziga aylandi. “Siti” yana o‘zini eslatdi: chempionlik poygasi hali tugamagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!